Hali qurilmagan uylar reklama qilingani uchun jarima solindi
Bugungi kunda uy-joy masalasi ko‘pchilik uchun dolzarb. Ayniqsa, yangi qurilayotgan uylar haqidagi reklamalar odamlarni tez qaror qabul qilishga undaydi. Lekin har qanday reklama ortida ishonch va qonun turishi shart.
Raqobat qo‘mitasi tomonidan olib borilgan o‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, ayrim qurilish kompaniyalari qonun talablariga rioya etmagan holda, hali rasmiy ro‘yxatga kiritilmagan uy-joy majmualarini faol tarzda reklama qilib kelgan.
Xususan, “Humo Avenue”, “Story Dom Siyob”, “Aziya Makon City”, “Aziza Credo Max”, “Shohsaroy Enter Group” va “Qorasuv Avenue” MCHJlarga qarashli qurilish ob’ektlari elektron ro‘yxatga kiritilmagan bo‘lsa-da, ijtimoiy tarmoqlarda keng targ‘ib qilingani aniqlangan.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, bunday holatlarga yo‘l qo‘yilmaydi. Ya’ni, tegishli ruxsat va ro‘yxatdan o‘tmasdan turib, qurilish ob’ektlarini reklama qilish taqiqlangan.
Aniqlangan qonunbuzilishlar asosida Qo‘mita maxsus komissiyasi tomonidan ushbu kompaniyalarga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llash bo‘yicha qaror qabul qilindi. Shu bilan birga, qonunbuzilishlarni bartaraf etish va kelgusida takrorlamaslik yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA