«Global Money Week 2026» doirasida “Smart Money Talks” ochiq panel muhokamasi o‘tkazildi
Yoshlarning iqtisodiy bilimlarini mustahkamlashda “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati tomonidan tashkil etilayotgan turli ma’rifiy haftaliklar o‘ziga xos ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu moliyaviy tuzilma tomonidan tashkil etilgan «Global Money Week 2026» haftaligi ham o‘quvchi va talaba-yoshlarning iqtisodiy savodxonligini yuksaltirishga qaratilgani bilan diqqatga sazovor bo‘lmoqda.
«Global Money Week 2026» haftaligi doirasida talabalar uchun “Smart Money Talks” ochiq panel muhokamasi tashkil etildi. Mazkur tadbir yoshlar o‘rtasida moliyaviy savodxonlikni oshirishga qaratilgan bo‘lib, unda “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyatining mas’ul xodimlari hamda British Management University – Toshkentdagi Britaniya menejment universitetining talabalari ishtirok etdi.
Tadbir ochiq muloqot va savol-javob shaklida o‘tkazilib, unda ishtirokchilar zamonaviy moliyaviy boshqaruv, shaxsiy byudjetni rejalashtirish, investitsiya hamda moliyaviy qarorlar qabul qilishning muhim jihatlari yuzasidan batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
Shuningdek, bank sohasida karera boshlash, kasbiy rivojlanish bosqichlari va amaliy tajriba yuzasidan tavsiyalar berildi.
Muhokama davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob oldi.
Mazkur tadbirda 40 nafardan ortiq talaba ishtirok etib, ular moliyaviy savodxonlik bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlash imkoniyatiga ega bo‘ldi.
N.Usmonova,
O‘zA