G‘ijduvonlik ishbilarmon ayollar o‘z salohiyatlarini namoyish etishdi
Mamlakatimizda xotin-qizlarning tadbirkorlik, hunarmandchilik va ishbilarmonlik sohalaridagi faolligini qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlash hamda tashabbuslarini rag‘batlantirish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Bugun yurtimizda o‘z mehnati, iqtidori va izlanishi bilan nafaqat oilasi, balki jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgan ishbilarmon ayollar safining kengayib borayotgani ana shu ezgu islohotlarning amaliy samarasidir.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi hamda O‘zLiDePning “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida tashkil etilgan “Ishbilarmon ayol–2026” ko‘rik-tanlovining Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani bosqichi ana shu maqsadlarning yorqin ifodasi bo‘ldi.
Tanlovda mahallalar bosqichida saralangan 8 nafar faol, tashabbuskor va ishbilarmon xotin-qiz ishtirok etib, o‘zlarining mehnat faoliyati, amaliy tajribasi, innovatsion g‘oyalari va erishgan yutuqlarini hakamlar hay’atiga taqdim etdilar. Ular tadbirkorlik, hunarmandchilik, dizaynerlik va qishloq xo‘jaligi kabi turli sohalardagi muvaffaqiyatlari bilan nafaqat o‘z mahallalari, balki butun tumanning rivojiga munosib hissa qo‘shayotganini yana bir bor namoyon etdilar.

Tanlov ishtirokchilarining bilim va mahorati talabchan hakamlar hay’ati tomonidan har tomonlama baholandi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, 1-o‘rin “Degrezon” mahallasida yashovchi tadbirkor va mohir dizayner Mashhura Axmedovaga nasib etdi. Uning zamonaviy dizaynerlik yo‘nalishidagi yutuqlari, tashabbuskorligi va yaratuvchanlik salohiyati munosib e’tirof etildi. 2-o‘rin “Pozagari” mahallasida yog‘och o‘ymakorligi san’atini rivojlantirib kelayotgan hunarmand Maftuna Usmonovaga topshirildi. Uning milliy hunarmandchilik an’analarini asrab-avaylash va uni zamonaviy yondashuvlar bilan boyitish borasidagi mehnati yuqori baholandi. 3-o‘rin esa “Taxtaxon” mahallasida tomorqa xo‘jaligini samarali tashkil etib, sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtirishda yuqori natijalarga erishib kelayotgan Dilayra Qudratovaga munosib ko‘rildi. Uning mehnatsevarligi va tadbirkorlikka bo‘lgan yondashuvi ko‘plab xotin-qizlar uchun ibrat bo‘ldi.

— Dizaynerlik kasbi meni ham ilhomlantirgan sohalardan biri. Bugun aynan shu yo‘nalishda mehnat qilib kelmoqdaman. Tanlovdagi g‘alabam va viloyat bosqichiga yo‘llanma olganim men uchun katta e’tirof va rag‘bat bo‘ldi. Bu menga yanada ko‘proq izlanish, faoliyatimni kengaytirish va dizaynerlikka qiziquvchi yoshlarga bilim hamda tajribamni o‘rgatish uchun kuchli turtki beradi, — deydi tanlov g‘olibi Mashhura Ahmedova.
Tadbir so‘nggida g‘olib va sovrindorlar, shuningdek, turli nominatsiyalar bo‘yicha munosib deb topilgan ishtirokchilar O‘zLiDeP G‘ijduvon tumani Kengashining diplom, tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri