Gaz sizib chiqishiga qarshi zamonaviy nazorat tizimi joriy etiladi
Energiya resurslaridan samarali foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilish bugungi kunda dunyo hamjamiyati oldida turgan eng muhim vazifa. Bu esa gaz tarmoqlari oldiga metan emissiyalarini kamaytirish va gaz sizib chiqish holatlarining oldini olish talabini qo‘ymoqda.
“O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyati va Jahon banki hamkorligida “O‘zbekistonda gaz sizib chiqishini kamaytirish” loyihasi doirasida tashkil etilgan ikki kunlik amaliy tadbir ham shu maqsadga qaratildi.
Uchrashuv davomida gaz sizib chiqish holatlarini aniqlash, ularni ustuvorlik asosida bartaraf etish mexanizmlari, metan emissiyalarini qisqartirish choralari va ushbu jarayonlarni samarali boshqarish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, zamonaviy MRV - monitoring, hisobot berish va tekshirish tizimini joriy etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur tizim natijasida gaz sizib chiqish holatlarini tezkor aniqlash, tahlil qilish va ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilash imkoniyati yaratiladi.
Tadbir yakunlariga ko‘ra, barcha asosiy masalalar atroflicha muhokama qilindi, ishtirokchilar o‘rtasida faol savol-javoblar tashkil etildi hamda loyiha doirasida amalga oshiriladigan keyingi amaliy qadamlar aniq belgilab olindi.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, ushbu loyiha “O‘ztransgaz” tizimida gaz sizib chiqish holatlarini kamaytirish, energiya resurslaridan oqilona foydalanish, ish jarayonlari samaradorligini oshirish hamda iqlim o‘zgarishiga salbiy ta’sirni qisqartirishga xizmat qiladi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA