G‘allakorlar marrani zabt etishdi
Sirdaryo viloyatining Boyovut tumani g‘allakorlari 2026-yil hosili uchun davlatga don topshirish bo‘yicha belgilangan shartnomaviy rejani muvaffaqiyatli bajarishdi. Natijada davlat don qabul qilish korxonalariga qariyb 40 ming tonna sifatli don topshirildi.
Joriy mavsumda tumandagi fermer xo‘jaliklari tomonidan 11 ming 500 gektar maydonda iqlim sharoitiga mos, ertapishar va serhosil g‘alla navlari yetishtirildi. Agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi, suv resurslaridan oqilona foydalanish hamda o‘rim-yig‘im ishlarining uyushqoqlik bilan tashkil etilgani yuqori hosildorlikni ta’minladi.
Mavsumni qisqa muddatlarda va talafotsiz yakunlash maqsadida tumanda 19 ta o‘rim-yig‘im otryadi shakllantirilib, ular tarkibiga 38 ta zamonaviy g‘alla o‘rish kombayni, 150 ta yuk tashish texnikasi, shuningdek, tajribali mexanizatorlar va ishchi-xodimlar jalb etildi. Bu esa hosilni qisqa muddatda va nest-nobud qilmasdan yig‘ib olish imkonini berdi.
Hosildorlikda yuqori natijalarga erishgan «Shohrux Zaynura», «Bekzod Obloqulov», «Boyovut samarasi», «Ro‘ziboy Odilovich», «Abdug‘ani Kattaboy» va «O‘rinboyev Sarvarbek» fermer xo‘jaliklari har gektardan 70–80 sentnergacha don yetishtirib, umumiy xirmonga munosib hissa qo‘shdilar.

Davlatga don topshirish bo‘yicha shartnoma majburiyatlarini to‘liq bajargan xo‘jaliklar qatorida «Bekzod Obloqulov» fermer xo‘jaligi ham alohida e’tirof etildi. Xo‘jalik ixtiyoridagi 120 gektar yer maydonining 65 gektarida boshoqli don parvarishlanib, davlat don qabul qilish korxonasiga 300 tonna sifatli don topshirildi.
— Erishilgan yuqori natijalar agrar sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, fermerlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy agrotexnologiyalarni keng joriy etish va mehnatni to‘g‘ri tashkil etishning amaliy samarasidir. Bu yutuqlarda har bir mirishkorning fidokorona mehnati mujassam, — deydi tuman hokimi Niyoz Hazratqulov.

G‘alla rejasi bajarilgach, Boyovut g‘allakorlari yangi marra — takroriy ekinlar parvarishiga kirishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri