G‘alladan bo‘shagan maydonlarga baraka urug‘i qadaldi
Yerdan unumli foydalanish — qishloq xo‘jaligida mo‘l hosilning asosiy garovi. Sardoba tumanida g‘alla o‘rib olingan maydonlar bo‘sh qoldirilmayapti. Aksincha, har bir qarich yerdan ikki hosil olish maqsadida takroriy ekinlar ekish ishlari izchil davom etmoqda. Bu esa aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, ichki bozorda narx-navo barqarorligini saqlash hamda fermer xo‘jaliklarining iqtisodiy samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Joriy yilda tumanda g‘alladan bo‘shagan 11 ming 500 gektar yer maydonining 8 ming gektarida takroriy ekinlar yetishtirish rejalashtirilgan. Shundan 555 gektar maydonga kartoshka ekilib, har gektardan o‘rtacha 130 sentnerdan hosil olish hisobiga jami 7 ming 150 tonna mahsulot yetishtirish ko‘zda tutilgan.

— Ayni kunlarda tumanning barcha hududlarida yerlarni ekishga tayyorlash, tuproqqa ishlov berish, urug‘lik kartoshkani ekish hamda sug‘orish ishlari uyushqoqlik bilan olib borilmoqda. Barcha agrotexnik tadbirlar belgilangan muddatlar va talablar asosida amalga oshirilmoqda, — deydi Sardoba tumani Qishloq xo‘jaligi bo‘limi bosh mutaxassisi Farhod Jumanov.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, takroriy kartoshka yetishtirishda har bir agrotexnik tadbirni o‘z vaqtida va sifatli bajarish yuqori hosildorlikning muhim omili hisoblanadi. Xususan, tuproqda namlikni saqlash, mineral o‘g‘itlardan ilmiy asoslangan me’yorlarda foydalanish, shuningdek, kasallik va zararkunandalarga qarshi profilaktik choralarni o‘z vaqtida amalga oshirish mo‘l va sifatli hosil yetishtirish imkonini beradi.

— Takroriy kartoshka ekini yer resurslaridan yanada samarali foydalanish imkonini yaratadi. Shu bilan birga, kuzgi mavsumda ichki bozorga qo‘shimcha mahsulot yetkazib berish, aholini mahalliy kartoshka bilan ta’minlash, narx-navo barqarorligini saqlash va fermer xo‘jaliklarining daromadini oshirishga xizmat qiladi, — deydi Farhod Jumanov.


Sardobalik dehqonlar uchun g‘alladan bo‘shagan har bir maydon — yangi imkoniyat manbai. Bugun tuproq bag‘riga qadalayotgan baraka urug‘i ertaga minglab xonadonlar dasturxoniga to‘kinchilik, fermerlar mehnatiga esa munosib daromad bo‘lib qaytishi shubhasiz.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri