FVV akademiyasi kursanti musobaqa g‘olibi
O‘zbekiston funksional ko‘pkurash federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan funksional ko‘pkurash (krossfit) bo‘yicha respublika musobaqasida Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi kursanti Doniyor Xushvaqtov barcha bosqichlarda yuqori natijalarni qayd etib, 1-o‘rinni egalladi.
Mazkur nufuzli sport tadbirida mamlakatimizning yetakchi sportchilari ishtirok etib, o‘zlarining jismoniy tayyorgarligi, chidamliligi va irodasini sinovdan o‘tkazdi.
Musobaqada Doniyor Xushvaqtovning shiddatli chiqishlari, yuqori darajadagi jismoniy tayyorgarligi hamda kuchli iroda namoyishi hakamlar hay’ati va tomoshabinlar tomonidan yuqori baholandi.
Ma’lumki, funksional ko‘pkurash sport turi sportchilardan kuch, tezkorlik, epchillik va chidamlilik kabi sifatlarni uyg‘un holda namoyon etishni talab etadi. Ushbu yo‘nalishda qo‘lga kiritilgan mazkur yutuq akademiya kursantlarining jismoniy va ma’naviy tayyorgarligi yuksak darajada ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
Mazkur g‘alaba ortida tinimsiz mehnat, qat’iy intizom va mustahkam iroda mujassam. FVV akademiyasi kursantining yutug‘i kelgusida yanada yuksak natijalarga erishish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA