Fransiyaning yurtimizdagi yangi elchisi ish boshladi
Fransiyaning O‘zbekistondagi elchisi etib tayinlangan Valid Fuk o‘z vazifasini bajarishga kirishdi, deb xabar berdi elchixona matbuot xizmati.
Diplomat o‘zbek tilida murojaat qilib, «ming yillik madaniyati va mehmondo‘stligi bilan mashhur O‘zbekistonda ish boshlaganidan xursandligini» bildirdi.
– Mamlakatlarimizning tarixiy yaqinlashuviga ko‘maklashish uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshiraman, -dedi u o‘z nutqida. – Kelgusi oylarda siz bilan birga Fransiya va O‘zbekistonni bog‘lab turgan do‘stlik rishtalarini mustahkamlash va umumiy taraqqiyotga erishish uchun barcha hududlarga tashrif buyurish niyatidaman.
Ma’lumot o‘rnida: Valid Fuk Parij Siyosiy tadqiqotlar institutini tamomlagan, so‘ngra Fransiya Tashqi ishlar vazirligining Strategik masalalar, xavfsizlik va qurolsizlanish boshqarmasida ishlagan.
Keyinchalik Fransiyaning Pekindagi elchixonasi va BMT doimiy vakolatxonasida siyosiy maslahatchi, shuningdek, 2020-2025 yillarda Fransiya prezidentining Osiyo, Okeaniya va Amerika bo‘yicha maslahatchisi bo‘lgan.
Valid Fuk yangi lavozimda 2021 yildan buyon faoliyat yuritgan Oreliya Bushez o‘rnini egalladi.
M.Pirmatova, O‘zA