Fransiyada birinchi marta "Ebola" virusi aniqlandi
Fransiyada "Ebola" virusini yuqtirish bilan bog‘liq birinchi holat rasman ro‘yxatga olindi. “Ap News” nashrining mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligiga tayanib xabar berishicha, mazkur xavfli infeksiya Kongo Demokratik Respublikasidagi gumanitar missiyadan qaytgan shifokorda aniqlangan.
Bemor Parijga kelishi bilan maxsus tibbiyot muassasasiga izolyatsiya qilingan bo‘lib, hozirda uning ahvoli barqaror ekani aytilmoqda. Ushbu holat ortidan o‘lkada epidemiologik surishtiruv boshlangan, shifokor bilan aloqada bo‘lgan barcha shaxslarga 21 kunlik tibbiy kuzatuv va o‘zini yakkalash tartibi belgilandi.
Mamlakat bosh vaziri Sebastyan Lekornyu vaziyat nazoratga olingani va sog‘liqni saqlash tizimi xavfli kasalliklarga qarshi kurashishga to‘liq tayyorligini ma’lum qilgan.
Ma’lumot o‘rnida, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tomonidan xalqaro favqulodda vaziyat sifatida baholangan “Ebola” epidemiyasining asosiy o‘chog‘i hozirda Kongo Demokratik Respublikasi bo‘lib qolmoqda. Ushbu davlatda 900 dan ortiq kasallanish va 200 dan ziyod o‘lim holatlari qayd etilib, virus qo‘shni Ugandaga ham tarqalgan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA