Fotosuratlarda muhrlangan jasorat
Poytaxtimizdagi Toshkent fotosuratlar uyida ichki ishlar organlari tashkil etilganining 35 yilligi hamda 25-oktabr – Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan fotorassom Abu Kenjayevning “Yangi O‘zbekiston – Yangi ichki ishlar organlari” nomli fotoko‘rgazmasi ochildi.
Ko‘rgazmaning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi rahbariyati vakillari, soha faxriylari, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda mamlakatimizda ichki ishlar organlari faoliyatini takomillashtirish, tizimning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, xodimlarning kasbiy mahorati va mas’uliyatini oshirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar xususida so‘z yuritildi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda sohada amalga oshirilayotgan islohotlar ichki ishlar organlarining kundalik faoliyatida, jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash va xalq osoyishtaligini asrashga qaratilgan xizmat jarayonlarida o‘z ifodasini topmoqda.
Abu Kenjayev O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining “Postda – Na postu – At The Post” gazetasi va “Qalqon – it – Shield” jurnali birlashgan tahririyati fotomuxbiri, “Oltin qalam” milliy mukofoti sohibi, O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi. Ko‘rgazmada fotorassomning ichki ishlar organlari xodimlari faoliyatiga bag‘ishlangan yuzdan ortiq ijodiy ishi namoyish etilmoqda.
Ekspozitsiyadan o‘rin olgan suratlarda huquq-tartibotni mustahkamlash, jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish jarayonlari, murakkab vaziyatlarda matonat va jasorat ko‘rsatayotgan xodimlarning mashaqqatli hamda mas’uliyatli xizmati aks ettirilgan.
Shuningdek, ko‘p yillik samarali mehnati bilan soha rivojiga munosib hissa qo‘shgan faxriylarga ko‘rsatilayotgan hurmat-ehtirom, yosh avlodni Vatanga muhabbat va burchga sadoqat ruhida tarbiyalash borasida olib borilayotgan ishlar ham fotosuratlarda o‘z ifodasini topgan.
Xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan xodimlar xotirasiga bag‘ishlangan fotosuratlar alohida ahamiyat kasb etadi. Ularda yurt tinchligi, xalq osoyishtaligi va fuqarolar xavfsizligi yo‘lida o‘z hayotini fido qilgan, xizmat qasamyodiga sodiq qolgan mard insonlarning jasorati muhrlangan.
[gallery-32047]
Fotorassom Abu Kenjayevning ijodiy ishlarida ichki ishlar organlari faoliyatining turli qirralari, xodimlarning kasbiy mahorati, matonati va insonparvarlik fazilatlari badiiy nigoh orqali ochib berilgan. Har bir surat ortida inson taqdiri, mas’uliyatli xizmat va fidoyilik mujassam.
Mazkur fotoko‘rgazma tomoshabinlarga ichki ishlar organlari xodimlarining kundalik faoliyati, xalq tinchligi va osoyishtaligi yo‘lidagi fidokorona mehnati bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.
Fotoko‘rgazma 21-oktabrga qadar davom etadi.
Kamola Yusupova,
Muhammad AMIN (surat), O‘zA