Forishda industrial taraqqiyotga yana bir qadam qo‘yildi
Mustaqilligimizning 34 yilligi arafasida yurtimizda amalga oshirilayotgan sanoatlashtirish siyosatining yana bir samarasi sifatida Jizzax viloyatining Forish tumanida yangi loyihaga asos solindi.
“Egizbuloq” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida, Xitoy davlati hamkorligida “Zomin kafel invest” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan gidroksid kalsiy ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zamonaviy sanoat korxonasi qurilishi boshlandi.

Loyiha qiymati 45 million AQSH dollarini tashkil etib, shundan 30 million dollari xorijiy investitsiya hisoblanadi. Yangi korxona yiliga 300 ming tonna gidroksid kalsiy ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi. Barcha texnologik uskunalar Xitoydan olib kelinib, zamonaviy talablar asosida o‘rnatilmoqda.

Ta’kidlash joizki, korxona to‘liq ishga tushgach, 110 ta doimiy ish o‘rni yaratilib, yiliga 600 milliard so‘mlik mahsulot tayyorlanishi mo‘ljallangan. Bu nafaqat tuman iqtisodiyotiga, balki viloyat sanoatidagi ulushni oshirishda ham muhim omil bo‘ladi.

Gidroksid kalsiy qurilish, qishloq xo‘jaligi, sanoat, tibbiyot, sanitariya va kanalizatsiya tarmoqlarini tozalash sohalarida keng qo‘llanadi. Shu jihatdan, ichki bozor ehtiyojini ta’minlash bilan birga, eksport salohiyatini kuchaytirishda ham mazkur loyihaning ahamiyati katta.

Loyiha 2026 yil dekabr oyiga qadar to‘liq amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari