Fitosanitar nazorat samaradorligi oshmoqda
Sirdaryo viloyatida joriy yilning o‘tgan davri mobaynida fitosanitar nazoratini kuchaytirish, karantin ahamiyatiga ega zararli organizmlar tarqalishining oldini olish va eksportbop mahsulotlar sifatini ta’minlash borasida salmoqli natijalarga erishildi. Bu haqda Sirdaryo viloyati O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasida ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalist va blogerlar ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Sirdaryo viloyatida joriy yilning o‘tgan davri mobaynida fitosanitar nazoratni kuchaytirish, karantin ahamiyatiga ega zararli organizmlar tarqalishining oldini olish va eksportbop mahsulotlar sifatini ta’minlash borasida salmoqli natijalarga erishildi. Bu haqda Sirdaryo viloyati O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasida ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalist va blogerlar ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.


Anjumanda qayd etilganidek, joriy yilning birinchi choragida viloyatdan 36 davlatga eksport qilingan 129 ming 226 tonna qishloq xo‘jaligi mahsuloti uchun 3 ming 795 ta fitosanitar sertifikat rasmiylashtirildi. Bu mahalliy mahsulotlarning xalqaro fitosanitar talablarga muvofiqligini ta’minlash hamda eksport geografiyasini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Fitosanitariya laboratoriyasi tomonidan 31-may holatiga qadar 783 ta namuna qabul qilinib, ular asosida 2 ming 349 ta fitoekspertiza o‘tkazildi. Tahlillar natijasida qishloq xo‘jaligi ekinlariga xavf tug‘diruvchi zararkunandalar, kasalliklar va begona o‘tlar aniqlanib, ularga qarshi kurashish bo‘yicha fermer hamda dehqonlarga tegishli tavsiyalar berildi.


Tashqi karantin nazorati doirasida viloyatdagi beshta chegara maskanida xizmat olib borayotgan 39 nafar inspektor tomonidan import, eksport va tranzit yuklar qat’iy nazorat qilindi. Qozog‘iston va Tojikiston bilan chegaradosh hududlarda hamda bojxona postlari atrofida o‘tkazilgan monitoringlar davomida karantin ahamiyatiga ega zararli organizmlarni aniqlash maqsadida 235 ta namuna tahlilga yuborildi. Natijada uch holatda xavfli zararli organizmlar aniqlanib, ularni bartaraf etish choralari zudlik bilan amalga oshirildi.

Nazorat tadbirlari samarasida fitosanitar talablarga javob bermaydigan 1 ming 298 kilogramm va 2 ming 82 dona import mahsulotining mamlakat hududiga kirib kelishiga chek qo‘yildi. Shuningdek, “Sirdaryo” chegara maskani orqali olib o‘tilmoqchi bo‘lgan 345,7 kilogramm karantin nazoratidagi mahsulotlar aniqlanib, belgilangan tartibda qaytarildi.
Ichki fitosanitar monitoring ishlari ham rejadagidan yuqori darajada bajarildi. Joriy yil uchun belgilangan 245 ming 929 gektar maydon o‘rniga amalda 364 ming 241 gektarda monitoring ishlari olib borilib, reja 148 foizga ado etildi. Shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlarining murojaatlari asosida 714 ta ichki fitosanitar sertifikat rasmiylashtirildi.

Issiqxonalarda fitosanitar holatni yaxshilash maqsadida tashkil etilgan “Dolzarb 30 kunlik” tadbiri doirasida sitrus oqqanoti, sitrus unli kuyasi, pomidor kuyasi va pomidorning jigarrang burishish virusiga qarshi keng qamrovli kuzatuvlar olib borildi. Zararli organizmlarning qishlovchi avlodlarini yo‘qotish maqsadida esa 3 ming 793 kilometr masofadagi dala chetlari, ariq-zovurlar va boshqa hududlar begona o‘t qoldiqlaridan tozalandi.
Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, kelgusida fitosanitar xavfsizlikni yanada mustahkamlash, laboratoriyalarning texnik imkoniyatlarini kengaytirish, raqamli texnologiyalarni joriy etish va eksportyorlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish sohaning ustuvor vazifalari bo‘lib qoladi.

Tadbir yakunida jurnalist va blogerlarni qiziqtirgan savollarga soha mutaxassislari tomonidan batafsil javoblar berildi.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat) O‘zA