Firibgarlar yetkazgan zararini qoplamasa, jazodan ozod qilinmasligi kerak
Firibgarlik – aldash, insonning ishonchini suiiste’mol qilish evaziga amalga oshiriladigan tuban jinoyatlardan hisoblanadi. Bu odamlar o‘rtasida, kompaniyalar o‘rtasida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan xavfli jinoyatdir.
Xalqaro tadqiqotchilar jahondagi kompaniyalarining 47 foizi firibgarlik jinoyatidan jabrlanganini aniqladi. Demak, puxta yuristlar, auditorlar, hushyor rahbar ham ba’zan firibgarga aldanishi hech gap emas.
Har sekundda dunyo bo‘yicha 35 nafar shaxsning raqamli ma’lumotlari o‘g‘irlanadi. Shundan 5 nafari esa to‘lov kartalari vositasida firibgarlik jabrlanuvchisiga aylanadi.
Bu jinoyat O‘zbekistonda ham keyingi yillarda ko‘paygani sir emas. Axborot texnologiyalari rivoji, onlayn xizmatlar ko‘paygani sari hisob raqamdan, plastik kartadan firibgarlik yo‘li bilan pul o‘marish uchrab turibdi. Joriy yilning birinchi choragida sodir etilgan jami jinoyatlarning aksariyat qismini firibgarlik (38,7 foiz) jinoyati tashkil etgani fikrimizni tasdiqlaydi.
Shu sababli firibgarlikka qarshi kurashish, uning oldini olish uchun fuqarolar, tadbirkorlarni ogohlikka chorlash kuchaytirildi.
2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida ham jinoyatchilikka qarshi kurashish, xususan mulkka qarshi jinoyatlar uchun jazoning muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirish nazarda tutilgan.
Amaldagi Jinoyat kodeksi Maxsus qismida to‘lov kartalari bilan bog‘liq jinoyat tarkibi mavjud emas.
To‘lov kartalaridan foydalanib firibgarlik sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlikning belgilanishi bu sohadagi jinoiy tajovuzlarga munosib javob reaksiyasi bo‘lar edi.
Ko‘plab rivojlangan xorijiy davlatlar qonunchiligida to‘lov kartalaridan foydalanib firibgarlik sodir etilganligi uchun maxsus tarkib mavjud.
Xususan, Rossiya, Ispaniya, Italiya, Germaniya, Xitoy, Latviya, AQSH, Avstriya, Gruziya va Ozarbayjon davlatlari Jinoyat kodekslarida to‘lov kartalardan foydalanib jinoyat sodir etish firibgarlik jinoyatining og‘irlashtiruvchi tarkibi sifatida kvalifikatsiya qilinuvchi belgi sifatida keltirilgan.
O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 73-moddasida o‘zgalar mulkini firibgarlik yo‘li bilan talon-toroj qilgan shaxslar yetkazilgan moddiy zarar to‘liq qoplanmaganida ularga nisbatan jazoni muddatidan ilgari shartli ozod qilish instituti tatbiq etilmasligi belgilanmagan.
Natijada bugungi kunda firibgarlik jinoyatini sodir etganlar jinoyat natijasida yetkazilgan zararni qoplamasa ham ularga nisbatan jazoni muddatidan ilgari shartli ozod qilish instituti tatbiq etilmoqda. Bu esa jabrlanuvchilarning haqli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.
Jinoyat kodeksining 73-moddasiga o‘zgalar mulkini firibgarlik yo‘li bilan talon-toroj qilgan shaxslar zararni to‘liq qoplamasa, ularga nisbatan jazoni muddatidan ilgari shartli ozod qilish instituti tatbiq etilmasligiga oid o‘zgartirish kiritish maqsadga muvofiq.
Og‘irlashtiruvchi holatlarda firibgarlik jinoyatini sodir etgan shaxslarga, ya’ni ko‘p miqdorda va juda ko‘p miqdorda (bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravaridan ko‘p) zarar yetkazgan holda firibgarlik jinoyatini sodir etgan shaxslarga jinoiy jazo tariqasida jarima jazosi nazarda tutilgan.
Bu esa firibgarlarga o‘zi sodir etgan jinoyat natijasida qo‘lga kiritilgan mablag‘lar bilan jarima jazosini to‘lash, jabrlanuvchiga yetkazgan zarardan ko‘ra kamroq summada jarima jazosini tayinlashga olib kelishi mumkin.
Og‘irlashtiruvchi holatlarda firibgarlik jinoyatini sodir etgan shaxslarga nisbatan jinoiy jazolarning muqarrarligini ta’minlash, jinoiy jazodan ko‘zlangan maqsadga erishish hamda jazoning ta’sirchanligini oshirish maqsadida Jinoyat kodeksi 168-moddasining 2, 3, 4-qismlari sanksiyalaridan jarima tariqasidagi jinoiy jazoni chiqarish maqsadga muvofiq.
Aksariyat hollarda hali birinchi qilmishi uchun javobgarlikka tortilmasdan turib jinoyat sodir etgan shaxslar qaytadan firibgarlik jinoyatini sodir etmoqda. Shu sababli firibgarlik jinoyati sodir etgan shaxslar elektron reyestrini shakllantirish zarurati yuzaga kelmoqda.
Onlayn to‘lovlardan foydalanish xavfsizligidan bexabarlik, olx.uz va boshqa savdo platformalaridan foydalanishda bilim va ko‘nikmalar yetarli emasligi hududlarda o‘g‘rilik va firibgarlik kabi jinoyatlar sodir etilishiga shart-sharoit yaratmoqda.
Shu sababli onlayn savdo platformalarida “Xavfsizlik siyosati” bilan majburan tanishtirishni nazarda tutuvchi ogohlantirish panelini joylashtirish maqsadga muvofiq.
X.Ochilov
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Shayxontohur tumani sudi sudyasi, (PhD).
O‘zA