Prezidentning yangi qarori bo‘yicha matbuot anjumani
Jizzax ixtisoslashtirilgan san’at maktabida “Madaniyat va san’at sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbirda Prezidentimizning 2026-yil 21-apreldagi “Madaniyat va san’at sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish hamda xususiy sektor ishtirokini rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida atroflicha ma’lumot berildi. Ta’kidlanganidek, mazkur hujjat sohadagi islohotlarga yangi sur’at bag‘ishlab, madaniyat muassasalari faoliyatini zamonaviy asosda tashkil etish, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash va milliy merosni keng targ‘ib qilishda muhim omil bo‘lmoqda.

Joriy yilning birinchi choragida viloyatda 620 ta teatr tomoshasi, konsert dasturi va madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etilib, ularga 330 ming nafardan ziyod aholi qamrab olindi. Ayniqsa, 158 nafar yoshning xalqaro tanlovlarda ishtirok etib, 10 ta gran-pri va qator sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgani sohadagi samarali ishlar ifodasi bo‘ldi.

Surxondaryo viloyatida o‘tayotgan “Boysun bahori” xalqaro folklor festivalida Forish tumanining “Bog‘don” folklor-etnografik xalq ansambli birinchi o‘rinni egallagani ham jizzaxlik san’atkorlarning yuksak salohiyatidan dalolatdir.
Anjumanda qo‘shni davlatlar bilan madaniy aloqalar kengayib borayotgani, jumladan, Qirg‘izistonning A.Jaynakov nomidagi musiqali drama teatri bilan hamkorlik memorandumi imzolangani alohida qayd etildi.

Shuningdek, “Yashil makon” loyihasi doirasida madaniyat muassasalari hududlariga 10 ming tupdan ortiq ko‘chat ekilgani, “Tashabbusli byudjet” loyihasi asosida Arnasoy tumanidagi bolalar musiqa va san’at maktabida ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi ma’lum qilindi.
Matbuot anjumanida yil yakuniga qadar xalqaro festivallar, gastrol safarlari, “Shanba oqshomlari”, “Ijod karvoni” va “Madaniy oshxona” kabi qator loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgani ta’kidlandi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA