Faxriy jurnalistlar Qutayba ibn Muslim ziyoratgohida bo‘ldi
Andijonlik bir guruh faxriy jurnalistlar Qutayba ibn Muslim (r.a.) ziyoratgohi majmuasi hamda Bobur shahrida sayohatda bo‘ldi.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Andijon viloyat bo‘limi tashabbusi bilan tashkil etilgan sayohatda faxriy jurnalistlar Jalaquduq tumani Qilichmazor mahallasida joylashgan Qutayba ibn Muslim ziyoratgohi majmuasida bo‘lib, o‘lkamizga islom dinini olib kelgan, yirik islom fotihlaridan biri, harbiy sarkarda Qutayba ibn Muslim qabrini ziyorat qilishdi, bu yerda amalga oshirilgan bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi.


Tarixchi Muhammad Narshahiyning “Buxoro tarixi” asarida “Qutaybaning qabri Farg‘ona (vodiy)da mashhur bo‘lib, “Raboti sarohang” degan joyda “Kox” deb ataladigan (hozirgi Qilichmozor) bir qishloqda. Odamlar ziyorat uchun hamisha u yerga borib turadilar” deb yozilgan. Qutayba ibn Muslim (r.a.) maqbarasi ustiga o‘rnatilgan toshga esa: “Va ul odamlarki, Alloh yo‘lida o‘ldirildilar, alarni o‘liklar deb gumon qilmagin. Balki alar tirikdurlar. Parvardigorlarni qoshida alarg‘a rizq berilur”. Oli Imron surasi, 169-oyat” degan bitiklar yozilgan.


– Ziyoratgohda bo‘lib, ushbu tarixiy yodgorlik, Qutayba ibn Muslim (r.a.) haqida keng ma’lumotlar oldik, – deydi faxriy jurnalist Feruzaxon Siddiqova. – Eng asosiysi, sayohatdan har bir ishtirokchi ulkan ma’naviy ozuqa, unutilmas taassurotlarga ega bo‘ldi.

Kunning ikkinchi yarmida faxriylar Andijon tumanidagi adirlik hududida barpo etilgan Bobur shahriga tashrif buyurdi. Ular bu yerda vatan himoyasiga bo‘lgan daxldorlik tuyg‘usini yanada mustahkamlash, ona Vatanga muhabbat va sadoqatni yuksaltirish, uning sharafli tarixi va ulug‘ kelajagidan faxrlanish, shuningdek, yurt tinchligi yo‘lida jonini fido qilganlarni e’zozlash maqsadida tashkil etilgan yodgorliklar bilan tanishdi. Jumladan, “Vatanga qasamyod” monumenti hamda harbiylarga bag‘ishlangan bir qator yodgorliklar haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldi. Shu bilan birga, bog‘ning tashkil etilishi va undagi eksponatlar haqida ham keng ma’lumotlar berildi.
F.Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (surat), O‘zA