Farg‘onada yosh ijodkorlar sahnada bellashdi
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyatida o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida teatr san’atiga qiziqishni oshirish, sahna madaniyati va ijodiy tafakkurni rivojlantirishga qaratilgan “Turon” maktab teatri respublika tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tanlov Farg‘ona shahridagi Yusufjon qiziq Shakarjonov nomidagi drama teatrida yuqori saviyada tashkil etildi. Unda viloyatning shahar va tumanlaridan kelgan 19 ta jamoa ishtirok etib, “Bizning maktab” hamda “Teatr – ibratxona” shartlari bo‘yicha sahna ko‘rinishlari orqali o‘z ijodiy mahoratini namoyon etdi.
Hakamlar hay’ati qaroriga ko‘ra, birinchi o‘rin Quvasoy shahridagi 1-maktabning “Turon zamin farzandlari” jamoasiga nasib etdi. Ikkinchi o‘rinni Toshloq tumanidagi 45-maktabning “Jadid izdoshlari” jamoasi, uchinchi o‘rinni esa Farg‘ona tumanidagi 7-maktabning “Jadidlar” jamoasi egalladi.
[gallery-28529]
Tanlov yakunida g‘olib va sovrindor jamoalarga diplom hamda esdalik sovg‘alari viloyat hokimligi vakillari hamda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi rahbariyati tomonidan topshirildi.
Mazkur tanlov yoshlarning ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularni teatr san’atiga jalb etish hamda sahna madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA