Farg‘onada quvvatli transformatorlar o‘rnatilmoqda (+video)
Qish g‘amini yozda ye, degan naql bor. Zero, har yili qish mavsumi oldidan elektr ta’minotida uzilishlar bo‘lmasligi, aholi va iste’molchilarning barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlanishi va’da qilinadi. Ammo qish kelib, havo sovishi bilan elektr quvvatiga bo‘lgan talab keskin ortib, tarmoqlarga tushadigan yuklama ham ko‘payadi. Bu esa ayrim hududlarda mavjud infratuzilmaning zo‘riqishiga, ba’zan esa elektr ta’minotida uzilishlar yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi.
Shu bois Farg‘ona viloyatida elektr ta’minoti barqarorligini ta’minlash, mavjud muammolarni bartaraf etish va aholining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida qator loyihalar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Farg‘ona viloyati elektr tarmoqlari korxonasi tegishli hokimliklar va vazirlik bilan hamkorlikda Osiyo taraqqiyot banki kredit mablag‘lari hisobidan elektr ta’minotida muammoli bo‘lgan hududlarda yangi, yuqori quvvatli transformatorlar o‘rnatish ishlarini boshlagan. Jumladan, Qo‘qon va Marg‘ilon shaharlari, Qo‘shtepa tumanida bunday loyihalar amalga oshirilmoqda.

Davlat tomonidan aholining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini to‘laqonli qondirish maqsadida xalqaro moliya institutlaridan jalb etilayotgan tashqi qarz mablag‘lari aniq maqsadlarga yo‘naltirilib, elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish va yangi infratuzilma ob’ektlarini barpo etishga sarflanmoqda. Ana shunday loyihalardan biri Qo‘shtepa tumanida amalga oshirilmoqda.
To‘g‘ri, bu hududda ilgari ham transformator mavjud edi. Ammo qish oylarida elektr energiyasi iste’moli keskin ortishi natijasida u yuqori yuklama ostida ishlab, tez-tez ta’mirtalab holatga kelardi. Bu esa ayrim paytlarda iste’molchilarning vaqtincha elektr quvvatidan uzilishiga sabab bo‘lardi.
– Mazkur ob’ekt qurilishi yil yakuniga qadar tugallanib, 2027-yil boshida foydalanishga topshiriladi. Shundan so‘ng tarmoqdagi kuchlanish darajasi oshadi va amaldagi transformatorga tushayotgan yuklama kamayadi. Natijada aholi iste’moli uchun yetkazib berilayotgan elektr energiyasining sifati va kuchlanishi yaxshilanadi, – deydi “Nasafelektromontaj” MCHJ uchastka boshlig‘i Jo‘rabek Mirzaliyev.
Qurilayotgan inshoot va unda o‘rnatiladigan transformatorlar zamonaviy talablar asosida jihozlanadi. Buning natijasida elektr energiyasini uzatish jarayonidagi tabiiy yo‘qotishlar miqdori besh barobargacha kamayishi kutilmoqda. Shuningdek, ob’ektda soatiga 40 ming kilovatt quvvatga mo‘ljallangan ikkita transformator o‘rnatiladi.

– Ilgarigi transformatorlar qo‘lda boshqarilar edi. Yangi uskunalar esa elektron tizimga ega bo‘lib, markaziy pult orqali boshqariladi. Bu, o‘z navbatida, tizimni samarali nazorat qilish va elektr ta’minoti barqarorligini ta’minlash imkonini beradi, – deydi Jo‘rabek Mirzaliyev.
Darhaqiqat, Prezident raisligida o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishlarida energetika sohasi oldiga qo‘yilayotgan vazifalar, avvalo, ana shunday amaliy ishlarni hayotga tatbiq etishni taqozo etmoqda. Zero, yangi quvvatlarni ishga tushirish, mavjud tarmoqlarni modernizatsiya qilish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali aholini barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biridir.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/zl5EtadxGY4" title="FARONADA QUVVATLI TRANSFORMATORLAR ORNATILMOQDA" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video), O‘zA