Bojxonachilar yirik noqonuniy dori vositalarini fosh etdi
Namanganda viloyat bojxona boshqarmasining kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati, ichki ishlar organlari, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Milliy gvardiya xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida yirik miqdordagi noqonuniy dori vositalari aniqlandi.
Tezkor tadbir jarayonida Namangan shahrida yashovchi fuqaroning yashash xonadonini belgilangan tartibda ko‘zdan kechirish chog‘ida maxsus yashirilgan yer osti ombori aniqlandi. Unga ko‘ra, xorijda ishlab chiqarilgan, respublikamiz hududiga aylanma yo‘llar orqali olib kirilgan hamda qonuniy kelib chiqishini tasdiqlovchi hech qanday hujjatlarga ega bo‘lmagan 66 turdagi jami 35 ming 346 quti dori vositalari borligi fosh etildi.

Viloyat bojxona boshqarmasi mas’ul xodimi Anastasiya Ataxanovaning qayd etishicha, dastlabki hisob-kitoblarga qaraganda, ushbu dori vositalarining umumiy qiymati qariyb 1,4 milliard so‘mni tashkil etadi. Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, Namangan viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan joriy yilning o‘tgan davri mobaynida aniqlangan 28 holatda salkam 9 milliard 400 million so‘mlik 465 ming qutidan ziyod dori vositalarining chegaralar orqali noqonuniy ravishda olib o‘tilishi va ichki hududdagi yashirin aylanmasiga chek qo‘yilgan.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA