Farg‘onada “Iste’molchilar uyi” faoliyati yo‘lga qo‘yildi
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona shahrida O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi hududiy birlashmasi tomonidan barpo etilgan “Iste’molchilar uyi”ning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur markaz iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirishga xizmat qiladi. Bu yerda fuqarolar murojaatlari qabul qilinib, bepul huquqiy maslahatlar beriladi, nizolarni sudgacha hal etish va mediativ xizmatlar ko‘rsatiladi. Shuningdek, elektron xizmatlar yo‘lga qo‘yilgan.
[gallery-28572]
Qayd etilishicha, markaz faoliyati iste’molchilarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, murojaatlarni shaffof ko‘rib chiqish va aholining huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan.
Ma’lum qilinishicha, o‘tgan yilda hududiy birlashma va tuman-shahar jamiyatlariga 913 ta murojaat kelib tushgan. Ularni ko‘rib chiqish natijasida iste’molchilar foydasiga 1 milliard 911 million so‘mdan ortiq mablag‘ qayta hisob-kitob qilingan. Shuningdek, sudlarga kiritilgan 24 ta da’vo arizasi bo‘yicha 433 million so‘mdan ortiq zarar undirilgan.
Shu bilan birga, “Iste’molchi bilan muloqot” huquqiy maslahatxonalari orqali 700 nafar fuqaroga bepul maslahat berilgan. Ichki bozorda mahsulotlar sifati va xavfsizligini ta’minlash maqsadida monitoringlar o‘tkazilib, qonunchilikni targ‘ib qilishga qaratilgan tadbirlar tashkil etilgan.
Mutaxassislar fikricha, “Iste’molchilar uyi” aholi, davlat va biznes o‘rtasida ochiq muloqotni ta’minlaydigan muhim markazga aylanadi.
Muqimjon QODIROV(surat),O‘zA