Fakt va raqam: Eng boy davlatlar
Global xavfsizlik va geosiyosiy muvozanatni tushunishda raqamlar eng ishonchli mezon hisoblanadi, chunki aynan statistika davlatlar o‘rtasidagi asl kuch nisbatini namoyon etadi. “Fakt va raqam” ruknida xalqaro munosabat, harbiy salohiyat va strategik resurslarga oid ma’lumotlar nufuzli manbalarga tayangan holda tahlil qilinadi. Binobarin, shunchaki fakt sanab o‘tilmaydi, balki sonlar orqali dunyo tartibi, kuch markazlari va xavfsizlik chizmasi qanday shakllanayotgani ochib beriladi. Shu tariqa o‘quvchi raqamlaryordamida geosiyosiy manzarani yorqinroq tasavvur qiladi.
Davlatlar boyligini aniqlashda eng muhim mezon sifatida aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot qiymati hisoblanadi. Zero, bu ko‘rsatkich mamlakat iqtisodiyoti hajmini emas, balki har bir fuqaro hissasiga to‘g‘ri keladigan real quvvatni aks ettiradi. Shu bois Xalqaro valyuta jamg‘armasi (IMF), Jahon banki va BMT nazdida ayni ko‘rsatkich davlatlar farovonligini taqqoslashda asosiy standartga aylangan. Qolaversa, iqtisodiy holatni yanada aniq baholash uchun xarid qobiliyati o‘rganilib, turli mamlakatlardagi narx farqi inobatga olinadi. Mutaxassislar ta’kidlashicha, kuchli iqtisodiyotga ega yurtlar doim ham eng boy davlatlar qatoriga kirmaydi. Ya’ni, aholi soni qancha ko‘p bo‘lsa, umumiy boylik shuncha keng taqsimlanadi. Demak, boylik tushunchasi hajm emas, samaradorlik bilan baholanmoqda.
2025-2026-yillar tahliliga ko‘ra, dunyoda eng boy davlatlar reytingida asosan kichik, o‘ta rivojlangan va moliyaviy jihatdan barqaror mamlakatlar yetakchilik qilmoqda. Aholi jon boshiga hisoblangan YAIM bo‘yicha taxminan 140-145 ming dollar ko‘rsatkich bilan birinchi o‘rinni saqlab kelayotgan Lyuksemburg nafaqat Yevropa, balki butun dunyoda yetakchi. Irlandiya (110-120 ming dollar), Shveysariya (100 ming dollardan yuqori) va Singapur (90-100 ming dollar) kabi davlatlar ham yuqori o‘rinlarni egallab, global moliyaviy-iqtisodiy markaz sifatida namoyon bo‘lgan. Shuningdek, Norvegiya, Islandiya va AQSH ham 80-90 ming dollar atrofidagi natija bilan yuqori daromadli iqtisodiyotlar qatoriga kiradi. Bu raqamlardan ko‘rinib turibdiki, boylik asosan Yevropa va Osiyoning ayrim strategik hududlarida jamlangan va iqtisodiy rivojlanish darajasi yuqori davlatlar ustunlik qilmoqda.
Reytingning yuqori qismida joylashgan aksar davlatlar kichik hudud va nisbatan kam aholiga ega. Bu iqtisodiy samaradorlikni yuqori darajada saqlash imkonini beradi. Masalan, Lyuksemburg global moliyaviy markaz sifatida bank va investitsiya xizmati orqali ulkan daromad oladi. Singapur esa xalqaro savdo va logistika markazi sifatida tan olingan. Irlandiya transmilliy korporatsiyalar uchun qulay soliq siyosati orqali texnologiya gigantlarini jalb qilgan va bu iqtisodiyot rivojiga sezilarli ijobiy ta’sir ko‘rsatgan. Shu bilan birga Shveysariya moliyaviy barqarorlik, innovatsiya va yuqori qo‘shimcha qiymatli xizmat orqali boylikka erishgan. Demak, boylik ko‘p holda tabiiy resurslardan ko‘ra to‘g‘ri iqtisodiy siyosat va institutsional rivojlanish natijasi hisoblanadi.
Tabiiy resurslarga boy o‘lkalar ham reytingda muqim o‘rin oladi. Faqat natija har xil. Qatar singari davlatlar neft va gaz hisobidan yuqori daromad to‘plagan, Norvegiya resurs daromadini suveren jamg‘armalar orqali uzoq muddatli investitsiyaga yo‘naltirib, barqaror iqtisodiy model yaratgan. Ayrim resursga boy davlatlarda esa iqtisodiyot hamon xom ashyoga bog‘liq va bu uzoq muddatli rivojlanishga xalaqit berishi mumkin. Mutaxassislar ta’kidlashicha, boylikni saqlab qolish yaratishdan ko‘ra qiyin. Shu bois resurs emas, balki boshqarish siyosati hal qiluvchi omil sifatida namoyon bo‘ladi.
Ushbu tahlillardan kelib chiqib aytish mumkinki, boy davlatlar deganda yirik iqtisodiyotlar emas, balki yuqori samaradorlikka ega, innovatsiyaga tayangan va global iqtisodiyotga chuqur integratsiyalashgan mamlakatlar tushuniladi. Ya’ni, aholi soni, iqtisodiy siyosat, institutsional sifat va tashqi investitsiya oqimi kabi omillar hal qiluvchi ahamiyatga ega. Bugungi kunda boylik tushunchasi faqat resurs emas, balki bilim, texnologiya va moliyaviy infratuzilma bilan uzviy bog‘liq holga kelgan. Shu nuqtai nazardan global boylik xaritasi doimiy ravishda o‘zgarib borayotgan jadal tizim hisoblanadi.
Boylik modellari va iqtisodiy ustunlik omillari
Dunyodagi eng boy davlatlarning muvaffaqiyati tasodifiy emas, balki aniq iqtisodiy model va uzoq muddatli strategiya natijasidir. Ekspertlar yuqori daromadga ega mamlakatlarni shartli ravishda uch asosiy guruhga ajratishadi: moliyaviy markaz, resursga tayangan iqtisodiyot va innovatsion-texnologik davlat. Muayyan ustunlik va xavf bilan farqlanadigan bu modellarni birlashtiruvchi jihat – samarali boshqaruv va global iqtisodiyotga integratsiya. Ha, boylikni birgina omil bilan izohlab bo‘lmaydi, bu kompleks iqtisodiy tizim natijasi.
Moliyaviy markazlar qatoriga kiruvchi, global kapital harakati markazida joylashgan Lyuksemburg, Singapur va Shveysariya bank, investitsiya va xizmat ko‘rsatish sohalari orqali yuqori daromad oladi. Ushbu davlatlarda real sanoat ulushi nisbatan kamtarona bo‘lsa-da, moliyaviy xizmat orqali yaratilgan qo‘shimcha qiymat juda yuqori. Masalan, Lyuksemburg iqtisodiyotining asosiy qismi xalqaro moliyaviy xizmatga to‘g‘ri keladi. Singapur esa xalqaro savdo va logistika orqali mintaqaviy markazga aylangan. Bu model tashqi kapitalga ham yuqori darajada bog‘liqligi uchun global inqiroz davrida xavfga duch kelishi mumkin. Demak, moliyaviy boylik yuqori daromad bersa-da, barqarorlik uchun diversifikatsiya talab etiladi.
Resursga tayangan davlatlar – Qatar, Norvegiya va qisman BAA – tabiiy boylik, xususan neft va gaz hisobidan yuqori daromadga ega. Bu yurtlarda asosiy farq resursni qanday boshqarish jarayonida namoyon bo‘ladi, chunki barcha resursga boy davlatlar bir xil darajada boy emas. Norvegiya neft daromadini davlat jamg‘armasi orqali investitsiyaga aylantirib, kelajak avlod uchun barqaror iqtisodiy zaxira yaratgan. Bu jamg‘arma 1 trillion dollardan oshgan. Yuqori daromadga ega bo‘lsa-da, Qatar iqtisodiyoti hamon energiya eksportiga o‘ta bog‘liq holda qolmoqda. Shu nuqtai nazardan resurs boylik manbai bo‘lishi mumkin, ammo to‘g‘ri boshqaruvgina uzoq muddatli ustunlikni ta’minlaydi.
Innovatsion, texnologiyaga asoslangan iqtisodiyot boylik to‘plashning eng barqaror usullaridan biri sifatida ko‘riladi. Irlandiya, AQSH va qisman Janubiy Koreya yuqori texnologiya, IT sohasi va ilmiy tadqiqot orqali ulkan iqtisodiy qiymat yaratadi. Irlandiya misolida transmilliy korporatsiyalar uchun qulay soliq siyosati va biznes muhiti yaratilishi natijasida mamlakatga mislsiz sarmoya kirib kelgan va YAIMni keskin oshirgan. AQSH esa dunyodagi eng yirik innovatsion markaz sifatida texnologiya, moliya va startap ekotizimi orqali boylikni shakllantirmoqda. Bu modelning asosiy afzalligi tabiiy resurslarga bog‘liq emasligi va uzoq muddatda barqaror o‘sishni ta’minlashida.
Eng boy davlatlarning umumiy xususiyatiga e’tibor qaratilsa, institutsional sifat, qonun ustuvorligi, ta’lim tizimi va infratuzilma yuqori darajada rivojlanganini ko‘rish mumkin. Mutaxassislar ta’kidlashicha, aynan inson kapitali va boshqaruv samaradorligi iqtisodiy o‘sishning asosiy drayveridir. Bu davlatlarda korrupsiya darajasi pastligi, biznes muhiti qulayligi va investitsiya himoyalangani bois tashqi kapital faol jalb qilinadi. Demak, boylik faqat pul yoki resurs emas, balki tizimli rivojlanish natijasi sifatida shakllanadi.
Ha, turlicha modelga ega boy davlatlarni birlashtiruvchi asosiy omil – samaradorlik va strategiya. Qaysi yo‘l tanlanishidan qat’i nazar, iqtisodiy siyosat aniqligi va uzoq muddatli rejalashtirish hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Davlat boyligi har doim aholi farovonligi yuqoriligini anglatmaydi. Zero, iqtisodiy ko‘rsatkich va hayot sifati o‘rtasida sezilarli farq bo‘lishi mumkin. Masalan, ayrim davlatlarda aholi jon boshiga YAIM juda yuqori bo‘lsa-da, daromad taqsimoti teng emas. Ya’ni, aholining salmoqli qismi bu boylikdan to‘liq foydalana olmaydi. Xalqaro tahlilga ko‘ra, iqtisodiy jihatdan rivojlangan ko‘p davlatlarda boylar va kam ta’minlanganlar orasidagi farq oshmoqda. Shu sababli iqtisodiy boylikni baholashda nafaqat YAIM, balki “Gini” koeffitsiyenti, inson taraqqiyoti indeksi (HDI) kabi ko‘rsatkichlar ham muhim ahamiyat kasb etadi. Demak, haqiqiy farovonlik – faqat pul emas, balki teng taqsimlangan imkoniyat va hayot sifati bilan o‘lchanadi.
Ayrim yuqori daromadli davlatlarda “statistik boylik” fenomeni ham kuzatiladi: rasmiy raqamlar yuqori bo‘lsa-da, ko‘rsatkich asl iqtisodiy holatni to‘liq aks ettirmasligi mumkin. Masalan, Irlandiyada YAIM ko‘rsatkichi transmilliy korporatsiyalar faoliyati hisobiga keskin oshgan, ammo mo‘may daromad bevosita aholiga tegishli emas. Ayrim moliyaviy markazlarda ham iqtisodiy ko‘rsatkich yuqori bo‘lsa-da, tashqi kapitalga kuchli qaramlik mavjud. Bu holat raqamlar har doim davlatning ichki farovonlik darajasini to‘liq ifodalamasligini ko‘rsatadi. Shu bois iqtisodiy tahlilda “real boylik” va “hisobiy boylik” tushunchalarini ajratish muhim.
Bundan tashqari eng boy davlatlar orasida ham ijtimoiy tengsizlik masalasi dolzarb. Masalan, AQSHda umumiy boylik beqiyos, daromad taqsimoti esa turlicha va bu ijtimoiy muammo keltirib chiqargan. Yevropa davlatlarida esa ijtimoiy siyosat kuchliligi sabab, tengsizlik nisbatan past darajada. Mutaxassislar barqaror boylik uchun iqtisodiy o‘sish bilan birga ijtimoiy adolat ham ta’minlanishi kerakligini ta’kidlashadi. Shu nuqtai nazardan boylikka faqat iqtisodiy emas, balki ijtimoiy mezon sifatida ham qarash lozim.
Kelajak nuqtai nazaridan qaraganda, dunyoda boylik xaritasi o‘zgarishda davom etaveradi, chunki yangi texnologiya va global trend yetakchilarni o‘zgartirib turadi. Sun’iy intellekt, raqamli iqtisodiyot va yashil energetika sohalarida ilg‘or yurtlar kelgusida iqtisodiy ustunlikka ega bo‘lishi kutilmoqda. Ayniqsa Xitoy, Hindiston va Janubiy Koreya tez o‘sish sur’ati bilan global iqtisodiy tizimdagi o‘rnini tobora mustahkamlamoqda. Innovatsiyaga sarmoya kiritayotgan mayda o‘lkalar ham kelajakda boy davlatlar qatoriga qo‘shilishi mumkin. Ya’ni, boylik turg‘un holat emas, balki doimiy ravishda o‘zgarib boradigan jarayon.
Xullas, boy davlat tushunchasi ko‘p qirrali bo‘lib, faqat raqam emas, balki ijtimoiy, institutsional va texnologik omillar bilan ham belgilanadi. YAIM ko‘rsatkichi davlatning iqtisodiy qudratini ko‘rsatsa-da, haqiqiy farovonlik aholining turmush sifati, imkoniyat tengligi va barqaror rivojlanish darajasi bilan o‘lchanadi. Shu sababli boylikni baholashga kompleks yondashuv talab etiladi va aynan shunday yondashuv kelajakda qaysi davlatlar haqiqatan yetakchiga aylanishini belgilaydi.
Musulmon Ziyo, O‘zA