EZGULIK IZLAB...
Kitobingizni o‘qidim
“Adiblar”, “Kitob o‘qish odobi”, “Qo‘lyozmadan kitobgacha” nashrlari muallifi Davron Ulug‘murodning“Kunbotishdagi uy” kitobini qiziqish bilan o‘qib chiqdim. Bu nashrdan bir qissa, shuningdek, hikoya, pesa, esse va tarjimalar o‘rin olgan.Kitobga taniqli adabiyotshunos, filologiya fanlari doktori, professor Uzoq Jo‘raqulov “Samimiyat sirlari” sarlavhali so‘zboshi yozgan.
Yozuvchi kitobini ammasi Qizlarjon Ulug‘murod qizi, otasi Jumaboy Ulug‘murod o‘g‘li hamda onasi Noroy Berdimurod qizi xotiralariga bag‘ishlagan. Bu bejiz emas.
To‘plamdagi ilk asar – “Onam tashlab ketgan kun”deb nomlangan xotiralarini ko‘zda yosh bilan o‘qidim.Onasidan ayrilganidan keyin uni qattiq qo‘msayotgan o‘g‘ilning yurak dardlari izhor etilgan. Yozuvchi onasining janozasi mahali “Allohu akbar” aytilgan paytda oppoq kapalak old safni charx aylanib, ko‘zdan g‘oyib bo‘lgani haqida: “Shu kapalak ham onajonimni so‘nggi yo‘lga kuzatgani kelgandek edi go‘yo”, – deb yozadi.
Kapalak misolidagi bunday voqeaga onamdan ayrilgan kunim kamina ham duch kelganim esimga tushdi va ko‘zlarimda sog‘inch ko‘z yoshlari shashqator bo‘ldi.
“Men – g‘ofil o‘g‘il”sarlavhali xotirasida onasining ruhiga Qur’on tilovat qilishni bir oz kamaytirgani va ertalab bomdod namozini o‘qishga kirishgan paytida yana o‘sha oppoq kapalak uchib kelib, charx aylanib, ko‘zdan g‘oyib bo‘lgani qalamga olgani kishiga ta’sir etadi. “Bu kapalak menga onamni eslatgani kelgandek edi”, – deb yozgan.
Har qanday banda uchun onadan ayrilish – og‘ir. Bu g‘amni yengish oson emas. Ana shunday paytda inson onani har tomondan izlay boshlaydi. Oppoq kapalak asar qahramoni qalbiga dalda berganday bo‘ladi.
Ota-ona o‘tgandan keyin ham farzandning ular oldidagi burchlari bo‘lar ekan. Shulardan biri duo orqali ular ruhini shod etish. Yozuvchi buni barcha kitobxonga uqtirgan bo‘ladi.
“Men – g‘ofil o‘g‘il” xotirasida qahramon onasi tomonidan “Qo‘zijon” nomi bilan tilga olinadi. U onasini yo‘qotganini tasvirlash orqali farzandlik qarzdorligi, pushaymonligini anglaysiz.
Qo‘zijon ijarada yashab yurgan kezlarida onasi Toshkentga keladi. Ona-o‘g‘il metroga tushishadi.Qarshida o‘tirgan yoshi kattaroq ikki kishi o‘zaro pichirlashib, bir o‘g‘il, bir onaga qarashadi O‘zi issiqqina kiyinib olib, onasining usti yupunligi, oyog‘idagi kalish ham unchalik emas edi. Muallif:“Onam: yo‘lda anavi ikki odam sen haqingda pichir-pichir gaplashishdi, nima deyishdi, bilmadim”, - dedi. Aslida onam ularning nima deganini aniq eshitmasa ham, juda yaxshi tushungan edi. Meni ayab yana bolam xijolat bo‘lib qolmasin, deb, u yog‘iga o‘tmadi– deb yozadi (B.11). Ana shu joyda yozuvchi hamma onalarga xos fazilat – farzandini ayashni dard ila qalamga olgan.
Qo‘zijon ham hammasini tushunadi, albatta. Bozorga borib, onasiga nimalardir olib beradi.
Muallif onasi qishloqdoshlariga o‘g‘lining bu himmatini maqtab o‘tgan shu ona endi yo‘qligiiztirobini o‘qigan kitobxonqalamkashning ichki iztiroblariga sherik bo‘lishi – tayin.
“Men – g‘ofil o‘g‘il” insonlarni onasi oldida mas’uliyatli, e’tiborli bo‘lishga undaydi.
Inson yoshi o‘tgani sayin bolaligini sog‘inib yashayveradi. To‘plamdagi yagona qissa – “Kunbotishdagi uy” bilan tanishsangiz, bunga yana bir bor amin bo‘lasiz. Qo‘zijon timsoli (obrazi) bu qissaga ham bosh qahramon bo‘lib o‘tadi. O‘quvchi sezib turadiki, buning prototipi – muallifning o‘zi. Demak, asardagi ota, ona, amma ham – muallifning otasi, onasi, ammasi. Demak, voqealar aksariyati – voqeiy. Har holda, asarni bemalol “avtobiografik qissa” deb hisoblash mumkin.
Qissaalohida-alohida sarlavhachalar bilan ajratilgan fasllardan tashkil topgan. Bu o‘qishni osonlashtiradi. Sarlavhachalar adib g‘oyasini yetkazishga ko‘mak beradi.Qissa ravon, sodda va samimiy yozilgan. Shuning uchun ham voqealarni anglab, mag‘zini chaqib olish qiyinchilik tug‘dirmaydi. Unda kitobxon o‘zini go‘yo bolalikning sho‘x, quvnoq ko‘chalariga kirib qolgandek, ba’zan esa yozuvchining bir umrga xotirasiga muhrlangan kemtik, og‘riqli sarguzatlariga sherik bo‘lgandek his etadi.
Bu asardamashhur bolalar adibi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi To‘xtaboyevijodiga xos jihatlarni ko‘ramiz. Keyin bilsak, u kishi Davron Ulug‘murodning bevosita ustozi bo‘lgan ekanlar.
Qissao‘quvchiniezgullikka boshlaydi. Bugungi ma’naviy tahdidlarning boy qadriyatlarimizga salbiy ta’siri tufayli ota-ona va farzandlar,aka-uka, opa-singil, qarindosh-urug‘ o‘rtasidagi mehr-oqibatkamayib borayotgangloballashuv zamonida bu asarning dunyoga kelishi – ayni muddao bo‘lgan.
Asarda ota-ona, amaki, amma, aka, opa, uka, pochcha, qo‘shni, ustoz va boshqalar haqidagi xotiralarning bari kitobxonnikunbotishdagi uy tomon olib boradi. Bu yo‘l ezgulik va yovuzlikning o‘zaro kurashi orqali kechadi. Umumiy hisobda oxir-oqibat ezgulik g‘olib kelaveradi.
Hayot – sir-sinoatga boy. Asardagi “ajinatom” degan uy bilan bog‘liq tasvirlar ham shunday ajoyibotu g‘aroyibotlardan hisoblanadi. Bu uy yonidan o‘tayotganda kichiklar tugul, kattalar ham qo‘rqishgan. Bir gal bolalar ajinatom oldida o‘yinga berilib, uyga ketishni esdan chiqarishadi. Shunda ajinatomdan qizil, sariq, yashil kurrachalar chiqib kelishadi. Holbuki, hayotda bunday rangdagi xo‘tiklar aslo uchramaydi.
Yozuvchi shu joyda kitobxonga:“Siz shunday rangdor eshak bolasini uchratganmisiz?” –savol beradi.“Yo‘q, albatta” degan javobni ham keltiradi.
Yozuvchining bu tasvirlari Navoiy viloyatining Karmana tumanidagi “Uch tut” ziyoratgohida guvohi bo‘lganim bir voqeani esimga tushirdi. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Navoiy viloyati bo‘limi sobiq rahbari rahmatli Furqat Yo‘ldoshev boshchiligida targ‘ibot guruhi a’zolari bu qadimgi uch tutni ko‘rishga bordik. Bir mahal kutilmaganda tutlardan birining katta bir shoxi sinib, naqd yonimizga tushdi. Xayriyat, hech kim ziyon ko‘rmadi. Ne ko‘z bilan ko‘raylikki, singan tana atrofida to‘q jigarrang, qora, osmonrang, oq, sariq rangdagi uloqchalar paydo bo‘ldi. Osmondan tushdimi, yerdan chiqdimi – hech kim bilmaydi. Hayotda hech birimiz bunaqa g‘alati-g‘alati rangdagi echki bolalarini ko‘rmaganmiz. Eng qizig‘i, ular bir pasda yo‘qolibham qolishdi. Qayoqqa g‘oyib bo‘lishganini ham hech birimiz anglab ololmadik. Hamma ichida kalima qaytarishga tushdi, albatta. Keyin duoyi fotiha qilib, ziyoratdan qaytdik.
Yozuvchining xotirasida muhrlanib qolgan “Ajinatom”dan ta’sirlanib, menga o‘xshab sir-sinoatga boy maskanlarimiz bilan bog‘liq yana qancha voqealarini qalamga oladiganlar topilib qolishi – aniq.
Qissaning“Meni maktabga olishmagani” faslida tasvirlanishicha, Qo‘zijonning maktabga intilishlari, zavqlarini har gal Soatmurod muallim qaytargan – uni sinfga kiritmagan.Bu kitobxondaSoatmurodmuallimga nisbatanqattiq nafrat paydo qilishi – turgan gap. Biroq voqea davomini o‘qiganingizdan keyin masala oydinlashadi-qoladi.
Qo‘zijonning Qizlarjondegan ammasi bor. U Mavludadegan qizidan judo bo‘lganidan keyin Xudo ularga boshqa farzand bermaydi. Otasi Qo‘zijonni ammasinikida yashab, o‘qishiga ko‘nishi uchun Soatmurod muallim bilan kelishib, uni maktabga qabul qilmasligini tayinlagan ekan. Ya’ni maktab mojarosining zamirida bolasizlikdan hayotidan halovat topolmayotgan ammasiga Qo‘zijonnio‘g‘il qilib berish siri bor edi. Bunda nurab borayotgan oilani saqlab qolish, eru xotinni tushkun muhitdan chalg‘itish nazarda tutilgan edi.
Qo‘zijon ammasining qishlog‘idagi maktabga borishini eshitib, chehrasi yorishib ketadi.Otasi opasining muammolarini, noilojligini norasida o‘g‘liga aytib o‘tirmaydi. O‘g‘lining maktab yoshida ota-ona uyini tark etishini bildirib, beg‘ubor qalbiga ozor berishni ham istamaydi. Yozuvchi opa-uka o‘rtasidagi mehr-muhabbat, insoniylik, oqibat fazilatlarining ana shunday badiiy ifodasini qalamga olgan. Qo‘zijon otasining Soatmurod muallim bilan til biriktirganini ota-onasining o‘zaro gaplashganlari mahaliularga sezidirmasdan sekingina bilib oladi.
Har qanday kitobxon yozuvchining bu tasvirlari bilan tanishar ekan, oqibat opa-ukalar o‘rtasidagi munosabatlarni saqlash uchun muhim vosita ekanini tushunadi.
Qissaning “Kunbotishdagi uy” deb nomlanishi orqali kitobxon yoshgina bolaning ota-ona bag‘rini tark etishi, kun botar tomonda joylashgan uyini, ota-onasi, aka-ukalari sog‘inchi iztiroblarini anglaydi va unga sherik bo‘ladi.
Qissaning “Ammamlarnikida” faslida qahramon o‘z uyida, ya’ni ota-onasi bag‘rida shodon yurgan kezlari, erkin, yayrab o‘ynashlarini eslab, o‘kinadi. O‘ziga o‘zi: “Ota-onam meni asarab olishganmikan? O‘gaymikinman?” – degan savollar beradi ham.
“Ajrashish” faslida yozuvchishom tasviri orqali uy sog‘inchini ta’sirchan tasvirlaydi. Qo‘yxonaning baland devoriga chiqib olib, uyi tomon o‘kinch bilan boqqan bolakayning ammasining har kun janjal bo‘ladigan uyiga kirgisi yo‘q.
Quyoshning botishini kuzatgan bolakayning ko‘zlaridan yosh shashqator oqadi. Adashmasam, bu ko‘plarga xos tuyg‘u bo‘lsa kerak. Bolaligimda kun botayotgan mahali mening hamkayfiyatimda tushkunlik, g‘amginlik boshlanar edi.
Qorong‘u tushgach, uyga kirsa, amma jiyaniga: “Otanglarnikiga boramiz”, – deydi. Bolakay avvaliga: “Uyimga ketgim kelayotganini ammam qanday angladilarekan?” –deya quvonib ketadi. Uyiga borish oldidan qand-qurs solib, tayyorlanadigan amma bugun Mavluda qizining devorda osig‘liq surati va hali yap-yangi paltosini tugishi – ta’sirli bir ifoda. Chunki u bu gal erining uyidan butunlay ketayotganini bolakay keyin anglaydi.
Qissaning“Ajralish” faslida ammasiga farzand qilib berilgan bolakayning uning dardiga sherik bo‘lib, iztiroblarda qolgani, ichki dunyosida kechgan tuyg‘ulari zo‘r badiiy bo‘yoqlar bilaan qalamga olingan.Ehtimol, ammasining alamli hasratu g‘amlari xotirasiga bir umrga muhrlangani uchun ham bugun shu asar yaralgandir. Chunki yuragida chinakam bir dardi bo‘lmasa, kishi haqiqiy ijodkorga aylana olmaydi.
Qissaning “Men ishchiman– go‘ng tashuvchi”, “Tushlik”, “Xat”, “Kostyum-shim kiymoqchi bo‘lganim”, “Qaytish”, “Ko‘nikish” fasllarida otasining aybsiz holda to‘rt yilga qamalgan tufayli bir butun oilaning qiyinchilarga uchragani real hayotiy voqealar tasvirlangan. Ularda Qalqon, Qosim ismli nomard, insofsiz kishilarning qilmishlari kitobxonda nafrat uyg‘otadi.
Yozuvchi ko‘p-ko‘p yangi so‘zlar qo‘llaydi. Asarda o‘zim uchun notanish bo‘lgan “urak”, “vardish”, “qonjaloq”, “sovoq” va yana bir qancha so‘zlar ma’nosini bilib oldim.
“Qorako‘z” hikoyasining bosh qahramoni – chumoli. Gap shundaki, bir farzandsiz oilaning Baxt ismli asrandi qizi bor. Lekin qiz asrandiligini bilmaydi. Bir kuni maktabda bolalar uni kamsitib, shuni yuziga solishadi. Shundan fojia boshlanadi. Qizcha har kuni maktabdan qaytayotganida muyulishda sochlari o‘zinikidek tillarang, ko‘zlari chiroyli, ammo ma’yus boqadigan ayol kutib turishining sirini ham bilgandek bo‘ladi.
Qizcha dardlarini shu uydagi chumoliga aytadi. Unga o‘zicha “Qorako‘z” deb laqab qo‘yib olgan. Chumoli misolida muallif hayotiy kuzatishlarini tasvirlaydi. Chumoli – beozor hashorat. U rizqiniuy egalariga ziyon keltirmaydigan yo‘l bilan teradi. Qop-qop don-dun keltirilganda ham, qopdan yerga tushgan va kovaklarda to‘kilgan donlarnigina yig‘ib, qish g‘amini yeydi. Voqealar boshdan-oxir ana shu chumoli tilidan bayon etiladi.
Yozuvchi chumoli timsolida insonlarni halol rizq topib yashashga undaydi, desam, xato bo‘lmas.
Bir kuni erta saharda chumoli hovlidagi g‘ala-g‘ovuru yig‘i-sig‘idan uyg‘onib ketadi. Bu yog‘ini asarning o‘zidan o‘qiylik: “Odatda sokin bo‘ladigan hovlida odam gavjum. Ayvonning bir tarafida boshiga oq o‘ragan ayollar, pastroqda to‘n kiyib, belbog‘ bog‘lagan do‘ppili tanish-notanish kishilar. Darvozadan ikki-uch nafar odamning qorasi ko‘rinishi bilan to‘planganlar uvvos solib, yig‘lashni boshlashadi. Kimdir chinakam kuyunib, kimdir yolg‘ondakam dod soladi. Xonadon egalarining esa yig‘lashga ham holi yo‘q. Ikkalovi bir-biriga suyangancha yonma-yon qo‘yilgan ikki stulda mung‘ayibgina o‘tirishibdi. Men ham esankirab qoldim. Baxtning gaplarini esladim, bir falokat bo‘lganga o‘xshaydi. Yuragim ortga tortib ketdi. Umid bilan u yonga yugurdim, bu yonga yugurdim. Lekin Baxtni hech qayerdan topolmadim. Shu payt darvozadan sariq sochlari yoyilgan, moviy ko‘zli ayol faryod solib kirib kela boshladi. “Voy bolajonim, nimalar qilib qo‘yding-a. Jon bolam-a”. Bu ovozga hovlida to‘plangan yoshu qari, erkagu ayol qo‘shildi. “Jon bolama-a, voy bolam-m-. U-v-v-v-v...” (B. 55-56).
Shu yerga kelganda o‘quvchining tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib ketadi.
Lekin... bu Qorako‘zning tushi ekan. Beixtiyor:“Xayriyat!..” – deb yuborasan, kishi.
Eng muhimi, Davron Ulug‘murod asarlarining qahramonlari oddiy qishloq odamlari, voqealardagi tabiiylik va ifodadagi samimiylik ham – shundan. Voyaga yetgani ana shu muhit muallifni qo‘liga qalam tutishga undagan bo‘lsa, ajab emas.Bu adibimizdan yangi-yangi asarlar kutib qolamiz.
Ziyoda G‘AFFOROVA,
Toshkent amaliy fanlar universiteti dotsenti, “Shuhrat” medali sohibasi.