Erta tekshiruv ayollar umrini uzaytiradi
O‘sma kasalliklar butun dunyodagi kabi O‘zbekistonda ham salomatlikni muhofaza qilish tizimi uchun eng jiddiy muammolardan biri hisoblanadi. Ayollar orasida ko‘krak bezi sartoni, bachadon bo‘yni sartoni va tuxumdon sartoni eng ko‘p uchraydigan turlar qatoriga kiradi. Erta aniqlangan hollarda bu kasalliklarni muvaffaqiyatli davolash imkoniyati bir necha barobar oshadi, chunki ular dastlabki bosqichda ko‘pincha simptomsiz kechadi va faqat shifokor ko‘rigi orqali aniqlanadi. Shu bois, muntazam skrining tekshiruvlaridan o‘tish muhim ahamiyatga ega.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-noyabrdagi “Ayollar orasida onkologik kasalliklarni nazorat qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ayollar salomatligini muhofaza qilishda yangi bosqich ochdi. Unga ko‘ra, 30–65 yoshdagi ayollar orasida bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi sartonini erta aniqlash uchun tizimli skrining yo‘lga qo‘yildi.
Endi har bir ayol davlat nazorati va tibbiy ko‘rigida bo‘ladi. Birlamchi tibbiy bo‘g‘inda ular uchun elektron baza shakllantirilib, muntazam tibbiy ko‘rikka chaqirish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Shu bilan, ayollar o‘z salomatligini vaqtida nazorat qila oladi va ehtiyoj bo‘lsa, tezda davolanish mumkin.
Qaror doirasida 30–50 yoshdagi ayollarda bachadon bo‘yni sartoni skriningi odam papilloma virusini aniqlash uchun PCR usuli va suyuq sitologiya (LST) orqali amalga oshiriladi. Shu bilan birga, 30–65 yoshdagi ayollar uchun ikki yilda bir marta ko‘krak bezi sartoni skriningi tashkil etiladi: 45 yoshgacha bo‘lganlar ultratovush orqali tekshiriladi, 45–65 yoshdagilar esa mammografiyadan foydalanadi.
Agar skrining natijasi musbat bo‘lsa, tashxis va davolash xarajatlari to‘liq davlat tomonidan qoplanadi. Bu ayollar uchun nafaqat salomatlik kafolati, balki onkologik kasalliklarning oldini olishda ham eng samarali vosita hisoblanadi.
Ushbu qaror O‘zbekistonda bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi sartonini erta aniqlash, skriningni samarali tashkil etish va zamonaviy diagnostika usullarini keng joriy etishni ta’minlaydi. Shu bilan birga, ayollar uchun onkologik kasalliklarning oldini olish va davolash tizimini xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirish choralari ham nazarda tutilgan.
Bugungi kunda Sirdaryo viloyatida ham davlat dasturi asosida 30, 40 va 50 yoshdagi ayollar orasida bachadon bo‘yni sartoni oldi kasalliklari skriningi — suyuq sitologik tekshiruv (LST) va odam papilloma virusi (OPV) PCR orqali davolash samarali yo‘lga qo‘yilgan. Skrining natijasi musbat chiqqan ayollar oilaviy poliklinika onkoxonalarida ro‘yxatga olinadi va davolash uchun kolposkopist‑ginekologga yo‘naltiriladi.
Xulosa qilib aytganda, davlat rahbarining mazkur qarori ayollar salomatligiga qaratilgan yuksak e’tiborning yana bir isbotidir. Skrining tekshiruvlariga muntazam qatnashish har bir ayol uchun juda muhimdir. Men har bir ayolni sog‘lig‘iga mas’uliyat bilan yondashib, vaqtida tekshiruvdan o‘tishga chaqirib qolaman.
Yulduzxon Eshonqulova,
Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Sirdaryo filiali klinika diagnostik laboratoriya bo‘limi laboranti.
O‘zA