Eron AQSH kemalarini Hurmuzga kiritmadi (+video)
Euronews nashri Eron rasmiy manbalariga tayanib, Hurmuz bo‘g‘ozida Amerika fregatiga o‘q uzilganini ma’lum qildi.
Bundan bir kun oldin Donald Tramp neft tashuvchi tankerlarga AQSH harbiy-dengiz kuchlari hamrohlik qilishini ma’lum qilgan edi.
AQSH prezidenti strategik ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu suv yo‘lida kemalarni kuzatish ishlari boshlanishini e’lon qilganidan so‘ng, Eron harbiylari Amerika kemalarining Hurmuz bo‘g‘oziga kirishiga yo‘l qo‘ymaganini ma’lum qildi. Erondagi yirik axborot agentliklaridan biri “Tasnim” tarqatgan qisqa bayonotda bu holat bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar keyinroq e’lon qilinadi, deyilgan.
Shu bilan birga, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi bilan bog‘liq Eron ommaviy axborot vositalari Hurmuz bo‘g‘ozida AQSH harbiy-dengiz kuchlari fregatiga ikki raketa otilganini ma’lum qildi.
“Dushanba kuni Jask porti yaqinida dengiz xavfsizligi qoidalarini buzgan holda harakatlangan fregat Eron harbiy-dengiz kuchlarining ogohlantirishlarini inobatga olmaganidan keyin raketa zarbasiga uchradi”, — deb xabar berdi “Fars” axborot agentligi.
O‘z navbatida, AQSH harbiylari Hurmuz bo‘g‘ozida AQSH harbiy-dengiz kuchlarining biror kemasiga zarba berilgani haqidagi ma’lumotni rad etmoqda.
Yaqin Sharqdagi AQSH qo‘shinlarini muvofiqlashtiruvchi Markaziy qo‘mondonlik esa “AQSH harbiy-dengiz kuchlarining birorta kemasiga zarar yetkazilmagan. Amerika qo‘shinlari “Ozodlik” operatsiyasini qo‘llab-quvvatlamoqda va Eron portlari atrofida dengiz blokadasini ta’minlamoqda”, — deb ma’lum qildi.
Birlashgan Arab Amirliklari Eron tomonidan Hurmuz bo‘g‘ozida davlat neft kompaniyasiga tegishli tankerga ikki dron uchirganini ma’lum qildi va bu hujumni qoraladi.
Bundan bir kun oldin Donald Tramp ijtimoiy tarmoqlarda AQSH Hurmuz bo‘g‘ozida kemalarga “hamrohlik qilishini” yozib, Eronning ularni to‘sishga urinishlari “afsuski, kuch ishlatish orqali to‘xtatilishini” ta’kidlagan edi.
Eron harbiy qo‘mondonligi esa o‘tayotgan kemalar o‘z harakatlarini ular bilan muvofiqlashtirishi kerakligini bildirdi.
“Biz ogohlantiramiz: har qanday xorijiy qurolli kuchlar, ayniqsa agressiv AQSH qurolli kuchlari Hurmuz bo‘g‘oziga yaqinlashsa yoki unga kirishga urinsa, nishonga olinadi”, — dedi general-mayor Ali Abdullohi davlat telekanaliga bergan intervyusida.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/oE8qhGdsoqw" title="Eron AQSh kemalarini Hurmuzga kiritmadi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Iskandar Ismatov, O‘zA