“Eng yaxshi notarius” maqomiga erishgan Zulfiyaxonim izdoshi
FOTOREPORTAJ
Iqtidorli, bilimli va faol qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti ko‘plab yoshlarga ilhom va ishonch bag‘ishlab kelmoqda. Bu mukofot nafaqat e’tirof, balki qizlarning kelgusi hayot yo‘lidagi mas’uliyatli qadamlariga ham katta rag‘batdir. Ushbu mukofot sohiblari orasida ilm-fan, ta’lim, davlat xizmati va jamiyatning turli sohalarida munosib mehnat qilib, Vatan taraqqiyotiga hissa qo‘shayotgan ayollar ko‘p.
Shulardan biri – Nargis Meyliyeva. U 2005-yilda fan yo‘nalishida Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan. Bilim olishga bo‘lgan qiziqishi uni huquqshunoslik sohasiga yetakladi. 1999–2003-yillarda Toshkent davlat yuridik institutida bakalavr, 2003–2005-yillarda esa magistraturada tahsil oldi.
Oliy ta’limni tugatgach, Nargis Meyliyeva o‘z bilim va tajribasini yosh avlodga ulashishni maqsad qildi. 2005–2016-yillarda Toshkent davlat yuridik universiteti hamda Toshkent islom universitetida o‘qituvchilik qilib, talabalarga huquqshunoslik asoslari, qonun ustuvorligi va huquqiy madaniyatning ahamiyati haqida bilim berdi. Bu davr uning hayotida ilmiy va pedagogik faoliyat bilan boy yillardan biri bo‘ldi.
Keyinchalik u amaliy huquq sohasida ham faoliyat yuritishni boshladi. 2016–2019-yillarda Shayxontohur va Yunusobod tumanlarida notarius yordamchisi sifatida ishlab, notarial amaliyotning barcha jarayonlarini chuqur o‘rgandi va aholiga huquqiy xizmat ko‘rsatishda katta tajriba to‘pladi.
Shuningdek, u Mirzo Ulug‘bek tumani 2-notarial idorasi notariusi sifatida faoliyat olib bordi. 2020-yildan esa xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius sifatida xizmat qilmoqda.
Mehnatsevarlik, tashabbuskorlik va kasbiga sadoqat uning faoliyatida muhim o‘rin tutadi. Bu e’tiroflarga ham asos bo‘ldi: 2021-yilda Notarial palata tomonidan “Eng tashabbuskor notarius”, 2022-yilda Toshkent shahar Notarial palata hududiy boshqarmasi tomonidan “Eng yaxshi notarius” nominatsiyalari bilan taqdirlandi. 2023-yilda esa “Yilning eng yaxshi notariusi” ko‘rik-tanlovida g‘olib bo‘ldi.
2024-yilda Nargis Meyliyeva Portugaliyaga xizmat safariga yuborilib, xorijiy notariat tizimi tajribasini o‘rgandi. Bu safar uning xalqaro tajribasini boyitdi va zamonaviy notarial xizmatlar bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.
Shuningdek, u notarial faoliyatga oid o‘ndan ortiq maqola va ilmiy ishlar muallifi hisoblanadi. Jumladan, “Xorij tajribasi: O‘zbekiston va Portugaliya notariati” va “O‘zbekistonda raqamli notariatni rivojlantirish istiqbollari” nomli maqolalari sohaning zamonaviy rivojlanish yo‘nalishlari, raqamlashtirish jarayonlari va xalqaro tajribalar tahliliga bag‘ishlangan.
Nargis Meyliyeva ommaviy axborot vositalari orqali ham aholining huquqiy madaniyatini oshirishga hissa qo‘shib kelmoqda. Televideniyeda notarial xizmatlar, huquqiy masalalar va qonunchilikdagi yangiliklar haqidagi chiqishlari tomoshabinlar e’tiboriga tushdi.
[gallery-28050]
Yoshlikda berilgan ishonch sabab, Nargis Meyliyeva bugun adolat, qonun ustuvorligi va jamiyat taraqqiyoti yo‘lida fidokorona mehnat qilib, Vatan ravnaqiga munosib hissa qo‘shmoqda.
Kamola Yusupova,
Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA