Energetika tizimida yoshlar salohiyatiga e’tibor kuchaymoqda
“Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Asrorjon Asqarov tizimda faoliyat yuritayotgan yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Muloqotda boshqaruv raisi yosh kadrlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning tashabbuslarini rag‘batlantirish va zamonaviy bilim hamda ko‘nikmalarini oshirish tashkilot uchun ustuvor yo‘nalishlardan biri ekanini ta’kidladi.

– Bugungi kunda tizimimizda faoliyat yuritayotgan yoshlar ertangi taraqqiyotimizning asosiy kuchidir. Shu bois, sizlarning har bir taklifingiz, g‘oya va tashabbusingiz biz uchun muhim. Biz sizlarga keng imkoniyatlar yaratishga tayyormiz, – deya qayd etdi Asrorjon Asqarov.
Uchrashuv davomida yoshlar tomonidan ish sharoitlarini yaxshilash, malaka oshirish dasturlarini kengaytirish, innovatsion loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha qator takliflar ilgari surildi. Raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish, energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan yangi yechimlar shular jumlasidan.

Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda har bir ishtirokchi o‘z fikrini erkin bayon qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bunday uchrashuvlar yoshlar bilan doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yish, ularning salohiyatidan samarali foydalanish hamda sohani yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA