Energetika sohasida nazorat kuchaytirilmoqda
Energetika tarmog‘ida samaradorlikni oshirish, resurslardan oqilona foydalanish va xavfsizlikni ta’minlash maqsadida nazorat tadbirlari izchil kuchaytirilmoqda.
“O‘zenergoinspeksiya” axborot xizmatining xabar berishicha, o‘tkazilgan shunday tadbirlardan birida Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida faoliyat yuritib kelayotgan “Sh.” aksiyadorlik jamiyatida energiya audit talablari bajarilmagani aniqlandi. Yiliga 500 va undan ortiq tonna shartli yoqilg‘i hamda 250 va undan ortiq tonna motor yoqilg‘isini iste’mol qiluvchi yuridik shaxslarda energiya auditi o‘tkazilishi belgilangan.
Biroq o‘rganishlar davomida mazkur korxonada energiya auditi natijalariga ko‘ra ishlab chiqilgan chora-tadbirlar rejasi to‘liq amalga oshirilmagani ma’lum bo‘ldi. Shu munosabat bilan korxonaga nisbatan o‘rtacha oylik energiya iste’moli qiymatining uch foizi miqdorida, ya’ni 16,2 million so‘m iqtisodiy sanksiya qo‘llanildi.
Shu bilan birga, Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holati ham fosh etildi. Nazorat tadbirlari davomida “Sh. P.” MCHJga qarashli binoda hisoblagich ulanish sxemasi o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirilgani va shu orqali elektr energiyasidan noqonuniy ravishda foydalanib kelingani aniqlandi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu qoidabuzarlik natijasida elektr ta’minoti korxonasiga 258 million so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.
Farg‘ona viloyatidagi energetika ob’ektlarida olib borilgan tekshiruvlar esa xavfsizlik qoidalariga rioya etish masalasi ham dolzarb ekanini ko‘rsatdi. Xususan, Marg‘ilon shahrida joylashgan 220-sonli transformator punktida ta’mirlash ishlarini olib borayotgan brigada ish joyini yetarlicha tayyorlamagan holda, xavfsizlik texnikasi qoidalariga zid ravishda faoliyat yuritayotgani aniqlandi. Inson hayoti uchun xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan mazkur holat yuzasidan brigada ish joyidan chetlatildi.
Mazkur holatlar energetika sohasida intizom va mas’uliyatni yanada oshirish zarurligini ko‘rsatadi. Nazorat tadbirlarining kuchaytirilishi esa qoidabuzarliklarni bartaraf etish, resurslardan samarali foydalanish va xavfsizlikni ta’minlashda juda muhim.
N.Ziyodullayeva, O‘zA