Elektr energiyasi va tabiiy gaz bo‘yicha oldindan to‘lov shakli qonunchilikda belgilangan tartibga asoslanadi
Avval xabar qilganimizdek, joriy yilning 16-apreldagi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan elektr energiyasi va tabiiy gaz bir oylik iste’molining bazaviy me’yorlari belgilandi. 1-may kunidan ushbu manbalar uchun tabaqalashtirilgan tarifda to‘lovlar amalga oshiriladi.
Yaqinda “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyati iste’molchilar yangi tariflar bo‘yicha qancha to‘lashini hisoblab chiqishi uchun test rejimida onlayn kalkulyatorni ishga tushirdi. “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati ham tez kunlarda onlayn kalkulyator faoliyatini yo‘lga qo‘yadi.
Energetika tizimida ushbu jarayonlar qanday tashkil etilayotganini yaqindan tanishtirish maqsadida kuni kecha Energetika vazirligi, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va “Hududgazta’minot” AJ tomonidan OAV vakillari uchun press-tur tashkil etildi.

Unda ishtirokchilarga elektr energiyasi hamda tabiiy gazni hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi markazlari (ASKUE hamda ASKUG) faoliyati haqida atroflicha ma’lumot berildi.
"Hududiy elektr tarmoqlari" AJ "Elektr energiyasini avtomatlashirish markazi" filiali direktor o‘rinbosari Diyorbek Nishonovning ma’lum qilishicha, ushbu tashkilot tomonidan bugungi kunda mamlakat bo‘yicha elektr energiyasi iste’molchilariga 7,8 milliondan ortiq bir fazali va uch fazali hisoblagich o‘rnatilgan. Shuningdek, transformator punktlarida hisoblagichlardan elektr energiyasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni jamlovchi va uzatuvchi 92 ming 262 dona konsentrator qurilmasi va 85 ming 591 dona balans hisoblagich faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
–Mazkur dasturiy ta’minot tufayli elektr energiyasi iste’molining ishonchli hisob-kitob mexanizmi shakllantirilib, energiya manbasidan oqilona va samarali foydalanishga imkon yaratildi hamda to‘lov intizomi mustahkamlandi. Endilikda iste’molchilar foydalangan elektr energiyasi uchun to‘lovlarni istalgan joydan turib, bank mobil ilovalari yoxud mamlakatimizda mavjud to‘lov tizimlari orqali o‘z vaqtida amalga oshirmoqda. Shuningdek, ushbu markazda respublika, viloyat, tuman (shahar) va mahallalar kesimida elektr energiyasi iste’molchilarining ma’lumotlari saqlanishi, shu bilan birga, dasturiy ta’minot orqali elektr energiyasining soatlik, sutkalik, oylik va yillik balanslarini shakllantirish, ko‘p tariflik tizimida hisob-kitoblarni amalga oshirish mumkin. Bundan tashqari, qarzdor iste’molchilarni to‘liq avtomatik ravishda o‘chirish va sarf qilingan elektr energiyasi uchun to‘lov amalga oshirilgandan so‘ng qayta yoqish, masofadan turib elektr hisoblagichlarni qayta dasturlash kabi vazifalar shu tizim orqali boshqariladi. Elektr energiyasi va tabiiy gaz bo‘yicha yangi tariflar har jihatdan o‘rganilib chiqilgan. Masalan, bir oylik ijtimoiy norma 200 kilovatt soat, deb belgilandi. Mamlakatimizda deyarli 60 foizdan ko‘prog‘ini aynan 200 kilovatt soat elektr energiyasi iste’mol qiluvchilari tashkil etadi. Ayni paytda biz iste’molchilar uchun yanada qulaylik yaratish maqsadida onlayn kalkulyatorni ishga turish ustida ishlayapmiz, –dedi D. Nishonov.

“Hududgazta’minot” AJ tomonidan “Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimi” hayotga tatbiq etilgan va unda 4,2 million tabiiy gaz iste’molchilari qamrab olingan. Yaqinda jamiyat iste’molchilar uchun yana bir qulaylik yaratdi. Ya’ni, qonunchilikdagi o‘zgarishlardan kelib chiqib, hududgaz.uz saytida “Xonadonlar uchun gaz xarajati kalkulyatori”ni joriy etildi.
"Hududgazta’minot" AJ raqamlashtirish bo‘limi boshlig‘i Nurbek Do‘stovning ta’kidlashicha, bu orqali fuqarolar iste’mol qilingan tabiiy gaz uchun 1-maydan amalga kiradigan tariflar bo‘yicha qiyosiy hisob-kitoblarni amalga oshirishi mumkin.
–Biz gaz xarajati kalkulyator tizimini joriy etdik. Bu tizim O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorida ko‘rsatib o‘tilganidek, isitish mavsumi va isitish mavsumidan tashqari davrda hisob-kitobni amalga oshirish va kuzatib turish imkoniyatini yaratadi. Test rejimida ish boshlagan “Xonadonlar uchun gaz xarajati kalkulyatori” yangi tariflar bo‘yicha to‘lovlar jarayonini amalga oshirishga xizmat qiladi.
Masalan, tizimga kirib, isitish mavsumini belgilaydigan bo‘lsak, unda 500 metr kub norma belgilangan. Bu 650 so‘mdan hisoblanadi. Iste’molchi shu asosda o‘zining hisob-kitobini qiladi va o‘zining gaz iste’mol qilgan jarayonini kuzatib boradi. Xuddi shu kabi iste’molchilar isitish mavsumidan tashqarida ham to‘lov hisob-kitobini ushbu tizimdan foydalanishi mumkin, –dedi N. Do‘stov.

Tadbirda mutaxassislarning qayd etishicha, elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun iste’molchi o‘zining shaxsiy hisob raqamiga oldindan to‘lovni amalga oshirilganlik holatlari ham qonuniy me’yorlar bilan belgilangan. Masalan, iste’molchi elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun ko‘proq miqdorda to‘lovni oldindan amalga oshirgan bo‘lsa, tarif o‘zgarganda ham ikki oy mobaynida qo‘shimcha to‘lov qilmaydi. Uchinchi oyda esa iste’molchi yangi tarif asosida to‘lovni amalga oshiradi.
Bu tartib qonunchilikda quyidagicha ko‘rsatib o‘tilgan: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-yanvarda “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan. Ushbu qarorning 116 bandida “Maishiy iste’molchi o‘z xohishiga ko‘ra, 2 oydan ko‘p bo‘lmagan muddat uchun elektr energiyasidan foydalanish haqini oldindan to‘lab qo‘yishi mumkin va bunda tarif o‘zgarsa ham qiymat qayta hisob-kitob qilinmaydi” deb ko‘rsatib o‘tilgan. Shuningdek, mazkur qarorning 102 bandida “Tariflar o‘zgargan hollarda tabiiy gaz hajmi uchun avans tariqasida to‘lovni amalga oshirgan iste’molchi ikki oydan ortiq bo‘lmagan muddatga qo‘shimcha to‘lovlarni amalga oshirishdan ozod qilinadi”, deya qayd etilgan.
Press-turda ishtirokchilariga elektr energiyasi va tabiiy gazni tejash bo‘yicha raqamlashtirish jarayonlarining qay tarzda amalga oshirilayotgani yuzasidan ham ma’lumotlar berildi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA