Tadbirkorlar muammolari diqqat markazida
Yurtimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, biznes uchun qulay muhit yaratish hamda tadbirkorlarni qiynayotgan muammolarni joyida hal etishga qaratilgan ochiq muloqotlar izchil davom etmoqda.
Shu maqsadda Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Toshkent va Samarqand viloyatlarida Raqobat qo‘mitasi tomonidan tadbirkorlar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazildi. Unda davlat xaridlari, tashqi reklama, kommunal xizmatlar, elektr ta’minoti, chiqindi xizmatlari hamda sog‘lom raqobat muhitini ta’minlash bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Tadbirkorlar tomonidan tashqi reklama vositalarini joylashtirish, ijara to‘lovlari, elektr energiyasi uchun hisob-kitoblar, dori vositalari narxlari va biznes yuritishdagi turli to‘siqlar yuzasidan murojaatlar bildirildi. Barcha taklif va muammolar tegishli tartibda ko‘rib chiqish uchun nazoratga olindi.

Mazkur ochiq muloqotlar davlat organlari va tadbirkorlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni mustahkamlash, mavjud muammolarni tizimli hal etish hamda sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
N.Rahmonova, O‘zA