Eldor Shomurodov dubl qayd etgan o‘yinda "Istanbul Bashakshexir" g‘alaba qozondi
Shomurodov dubl evaziga gollari sonini 17taga yetkazib olgan holda, to‘purarlar jadvalida 2-o‘rinni egallab turibdi.
Turkiya Superligasining 29-tur bahslari davom etmoqda.
Hamyurtlarimiz Eldor Shomurodov hamda Abbosbek Fayzullayev to‘p tepayotgan "Istanbul Bashakshexir" jamoasi ushbu tur doirasida "Genchlerbirligi" jamoasini qabul qildi. Ushbu bahsda mezbonlar yirik hisobda raqiblaridan ustun keldi. E’tiborli tomoni terma jamoamiz sardori Eldor Shomurodov bellashuvni asosiy tarkibda boshladi va dublni rasmiylashtirdi. Dastlab 10-daqiqada darvozabon bilan birga-bir vaziyatdan unumli foydalanib hisobni ochgan bo‘lsa, 40-daqiqada jamoadoshining chiroyli uzatmasini ko‘kka sovurmagan holda, raqib darvozasini ishg‘ol qildi. Yakuniy hisob 3:0 va istanbulliklar 3 ochkoni qo‘lga kiritdi. Shomurodov dubl evaziga gollari sonini 17taga yetkazib olgan holda, to‘purarlar jadvalida 2-o‘rinni egallab turibdi.
Abbosbek Fayzullayev jarohat sabab ushbu bahsda jamoasiga yordam bera olmadi.