Ekologik aksiyalar o‘tkazildi
O‘zbekiston Ekologik partiyasining hududiy tashkilotlari tomonidan respublikamizning barcha hududlarida 30-mart — Xalqaro chiqindisiz kun munosabati bilan keng ko‘lamli ekologik aksiyalar tashkil etilmoqda.
Aksiyalarda partiya tashkilotlari bilan birga tuman va shahar hokimliklari, Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish boshqarma va bo‘linmalari hamda boshqa tashkilotlar hamkorlik qilishmoqda.

Marg‘ilon shahrida o‘tkazilgan aksiyada 2-Marg‘ilon tibbiyot texnikumi va Farg‘ona davlat texnika universiteti talabalari, shuningdek, ekofaol yoshlar faol qatnashdi. Ular shahar hududlarida tozalash ishlarini olib borib, turli chiqindilarni yig‘ish hamda atrof-muhitni asrashga qaratilgan targ‘ibot ishlarini amalga oshirdilar.
Tadbir davomida yoshlarga chiqindilarni saralash va qayta ishlash madaniyatini shakllantirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda ekologik mas’uliyatni oshirish yuzasidan muhim tushunchalar berildi.

***
“Xalqaro chiqindisiz kun” shiori ostidagi ommaviy plogging eko-aksiyasi Termiz shahridagi Guliston mahallasi sohil bo‘yida ham uyushqoqlik bilan tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Surxondaryo viloyat Kengashi vakillari, “Yosh ekologlar” qanoti a’zolari, mahalla aholisi, yoshlar, ekovolontyorlar hamda atrof-muhit muhofazasiga befarq bo‘lmagan fuqarolar faol qatnashdi.

Aksiya davomida chiqindilar saralab ajratildi, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiatga e’tiborli munosabatni shakllantirish bo‘yicha targ‘ibot ishlari olib borildi.
Tadbir yakunida hududdan jami 478 kilogramm turli turdagi chiqindilar yig‘ib olinib, belgilangan tartibda olib chiqildi. Aksiya jarayonida eng ko‘p chiqindi to‘plagan jamoa aniqlanib, ularga diplom hamda esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.

Ta’kidlash joizki, bu kabi ekoaksiyalar aholining, ayniqsa, yoshlarning ekologik madaniyatini oshirish, ularda tabiatni asrash, atrof-muhitni muhofaza qilish, hududlar tozaligini ta’minlash mas’uliyatini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
M.Komilova, O‘zA