“EJP — Tadbirkorlikka parvoz” dasturi amalga oshiriladi (+video)
Qoraqalpog‘iston Respublikasida yoshlarning bandligini ta’minlash, ularning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish maqsadida xalqaro ilg‘or tajribaga asoslangan “EJP — Tadbirkorlikka parvoz” dasturi amalga oshiriladi.
Mazkur tashabbus Kasbiy ta’lim agentligi tomonidan tashkil etilib, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi kasbiy ta’lim texnikumlari o‘quvchilari hamda 16–22 yoshdagi yoshlarning amaliy tadbirkorlik kompetensiyalarini shakllantirish, istiqbolli biznes g‘oyalarini aniqlash va ularni haqiqiy bozorga olib chiqish uchun zarur sharoit yaratishga qaratilgan. Dastur doirasida 100 nafardan ortiq yoshlarni jalb etish rejalashtirilgan bo‘lib, ular orasidan tanlov asosida eng salohiyatli 25 nafar ishtirokchi saralab olinadi. Har bir ishtirokchi dasturda o‘zining amaliy biznes g‘oyasi bilan qatnashadi.
Dastur davomida yoshlar o‘z g‘oyalarini takomillashtirish, mijozlar ehtiyojini o‘rganish, bozor talablarini tahlil qilish, qiymat taklifini shakllantirish, biznes modelini ishlab chiqish, moliyaviy asoslarni tayyorlash hamda Lean Validation/MVP orqali g‘oyani amaliyotda sinab ko‘rish bo‘yicha zarur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ladi.
“EJP — Tadbirkorlikka parvoz” dasturi bir martalik tadbir yoki tanlov sifatida emas, balki Qoraqalpog‘iston Respublikasida yoshlar tadbirkorligini tizimli qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiluvchi platforma sifatida tashkil etilmoqda. Dastur orqali yoshlarning o‘z biznes g‘oyalarini mustaqil ravishda shakllantirish, bozor talablarini o‘rganish, mijozlar bilan ishlash, moliyaviy rejalashtirish, mahsulot yoki xizmatni sinovdan o‘tkazish va o‘z loyihasini omma oldida taqdim yetish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.
Mazkur tashabbus, ayniqsa, kasbiy ta’lim texnikumlarida tahsil olayotgan yoshlarning o‘z kasbiy bilimlarini tadbirkorlik ko‘nikmalari bilan uyg‘unlashtirishiga xizmat qiladi.
Muhayyo Turdaliyeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA