Ehtiyojmand oilalarga ko‘rsatilayotgan yordam manzilli va samarali bo‘lishiga e’tibor qaratilmoqda
Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi tomonidan Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligi doirasida “Kambag‘allikni qisqartirish va aholining ijtimoiy farovonligini ta’minlashning ustuvor yo‘nalishlari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Senatorlar, mas’ul vazirlik va idoralar vakillari, mahalliy kengash deputatlari ishtirok etgan tadbirda kambag‘allikni qisqartirish, aholi farovonligini oshirish borasida belgilangan vazifalar ijrosi hamda ushbu yo‘nalishda parlament nazoratini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish faqat ijtimoiy yordam ko‘rsatish bilan cheklanib qolmasdan, aholi uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish, bandlikni ta’minlash va inson kapitalini rivojlantirishni taqozo etishini ta’kidladi.

Shu nuqtai nazardan, muhtoj oilalarni aniqlash va ularga ko‘mak ko‘rsatish tizimi ham takomillashtirilmoqda. Xususan, ehtiyojmand oilalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni raqamlashtirish orqali ularning ijtimoiy holatini muntazam kuzatib borish, ko‘rsatilayotgan yordamning manzilli va samarali bo‘lishini ta’minlashga e’tibor qaratilmoqda.
Mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faoli hamkorligida xonadonlarning ichki imkoniyatlari, jumladan, tomorqa xo‘jaligi, kasanachilik va hunarmandchilik salohiyati o‘rganilib, aholini daromadli mehnatga jalb etish, ularga grant va imtiyozli kreditlar ajratish choralari ko‘rilmoqda.

Davra suhbatida mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar bilan bir qatorda mavjud muammolar, ularning yechimlari va parlament nazoratini yanada kuchaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi hamda kambag‘allikni qisqartirish va aholi ijtimoiy farovonligini ta’minlash borasida amaliy takliflar bildirdi.
N.Abduraimova, O‘zA