“Eco Expo Central Asia-2026”: Yashil taraqqiyot sari xalqaro hamkorlik maydoni
Poytaxtimizda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan “Eco Expo Central Asia-2026” xalqaro ko‘rgazmasining taqdimoti o‘tkazildi.
Unda xorijiy davlatlarning O‘zbekistondagi elchilari, diplomatik missiyalar vakillari, BMT, YUNESKO, YUNISEF, Xalqaro migratsiya tashkiloti, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Global yashil o‘sish instituti, Fransiya taraqqiyot agentligi, Jahon banki, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi (IUCN), Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ), Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturi (CAREC) kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov mamlakatda atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan islohotlar izchil amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Xususan, o‘rmonlashtirish, toza havo, chiqindilarni boshqarish va bioxilma-xillikni asrash bo‘yicha keng qamrovli milliy dasturlar orqali O‘zbekiston yashil iqtisodiyot sohasida mintaqaviy markaz sifatida namoyon bo‘layotgani qayd etildi.
Shuningdek, xalqaro ko‘rgazma sanoat tarmoqlari, moliya institutlari va xalqaro hamkorlarni birlashtiruvchi, barqaror rivojlanish yechimlarini ilgari suradigan amaliy xalqaro platformaga aylanishi aytib o‘tildi.

Ko‘rgazmada toza texnologiyalar, qayta tiklanuvchi energiya, suvni tejash, yashil shaharlar, barqaror qishloq xo‘jaligi, chiqindilarni boshqarish, ekologik innovatsiyalar va iqlimga chidamlilik kabi yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratildi.
Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, o‘tgan 2025-yilda ham Toshkent shahrida birinchi “Eco Expo Central Asia” ko‘rgazmasi muvaffaqiyatli o‘tkazilgan edi. Unda qariyb 3 000 nafar ishtirokchi qatnashib, 120 dan ortiq kelishuv imzolangan. Bu esa mintaqada ekologik barqarorlik, innovatsiya va hamkorlikka bo‘lgan qiziqish ortib borayotganini yaqqol namoyon etdi.

“Eco Expo Central Asia-2026” xalqaro ko‘rgazmasi esa joriy yilning 31-may — 5-iyun kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi. Ushbu ko‘rgazmaning GEFning VIII Assambleyasi bilan bir vaqtda tashkil etilishi uning global ahamiyatini yanada oshirib, xalqaro hamkorlikni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Taqdimot yakunida xorijiy davlatlarning mazkur ko‘rgazmada faol ishtirok etishi Markaziy Osiyo mintaqasi va undan tashqarida barqaror kelajakni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA