Dunyo xabarlari qisqa satrlarda
Qisqa, aniq va ishonchli axborot – global dunyoda tezkor xabardorlik garovi. O‘zA jahonda sodir bo‘layotgan eng muhim voqealarni qisqa satrlarda taqdim etadi.
Qo‘rquv va manzara uyg‘unligi: dunyodagi eng ekstremal manzillar
Dunyo bo‘ylab adrenalin izlovchilar uchun binolar tomida sayr qilish – yangi trendga aylandi. Londondagi “Alexandra Palace Summit” 130 metr balandlikda shahar manzarasini taqdim etsa, Estoniyadagi “Tallin TV Tower” 175 metr balandlikdan Finlyandiya qo‘ltig‘igacha bo‘lgan hududni ko‘rish imkonini beradi. Bratislavadagi “UFO Observation Tower” va Torontodagi mashhur “CN Tower” esa yanada yuqorida joylashgan bo‘lib, ayniqsa “EdgeWalk” 356 metr balandlikda amalga oshiriladi va dunyodagi eng baland tashqi sayrlardan biri hisoblanadi.
Bundan tashqari, “Sydney Harbour Bridge”, Seuldagi “Dongdaemun Design Plaza” va Abu-Dabidagi “Ferrari World” kabi maskanlar ham turistlar uchun noodatiy tajriba taqdim etadi. Ayniqsa, me’mor Zaxa Hodid loyihasi bo‘lgan “DDP” tom sayri arxitektura va shahar manzarasini uyg‘unlashtirsa, “Ferrari World” tomida sayr qilish mehmonlarga mashhur poyga trassasi va cheksiz o‘rmonlarni yuqoridan tomosha qilish imkonini beradi. Bu kabi joylar nafaqat manzara, balki unutilmas his-tuyg‘ularni ham taqdim etadi.
Rim papasi insoniyatni tinchlikka chaqirdi
Rim papasi Lev XIV o‘zining ilk Pasxa marosimida dunyo yetakchilariga murojaat qilib, quroldan voz kechish va mojarolarni muloqot orqali hal etishga chaqirdi. Vatikandagi marosimda o‘n minglab odamlar ishtirok etdi va u tinchlik adolat va o‘zaro tushunish orqali barpo etilishi lozimligini qayd etdi.
Ayni paytda Yaqin Sharqdagi ziddiyat Pasxa bayramiga ham ta’sir ko‘rsatdi. Quddusda xavfsizlik cheklovlari tufayli ibodatlarga kirish keskin cheklandi, Livanda janubiy hududlar to‘qnashuvlar ta’sirida qoldi. BAAda havo hujumlari xavfi sabab ommaviy marosimlar bekor qilindi, Damashqda esa bayram faqat ibodat bilan cheklandi.
“Euronews”: O‘zbekistonda gumanoid robotlar ishlab chiqarilishi mumkin
Mamlakatimiz ilk bor gumanoid robotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi mumkin. Bu haqda “Euronews” nashri yozib chiqdi. Ta’kidlanishicha, Janubiy Koreyaning “Robotic” kompaniyasi bilan imzolangan hamkorlik doirasida o‘lkada zamonaviy robototexnika ishlab chiqarish, infratuzilma yaratish va mutaxassislar tayyorlash rejalashtirilgan. Bu tashabbus O‘zbekistonning yuqori texnologiyalar sohasiga kirish va milliy innovatsion tizimni shakllantirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholanmoqda, chunki u sanoat va ta’lim o‘rtasida mustahkam bog‘liqlikni ta’minlaydi.
Zelenskiy: Yaqin Sharqdagi keskinlik Ukrainaga yordamni kamaytirishi mumkin
Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy AQSH-Isroil va Eron o‘rtasidagi uzoqqa cho‘zilayotgan nizo Kiyev uchun jiddiy xavf tug‘dirayotganini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, bu mojaro AQSH e’tiborini Ukrainadan chalg‘itib, ayniqsa muhim “Patriot” havo mudofaa tizimlari yetkazib berilishini kamaytirishi mumkin. Zelenskiy Rossiyaning kundalik raketali hujumlariga qarshi turish uchun aynan shu tizimlarga qattiq muhtoj ekanini, ammo ular yetarli miqdorda berilmaganini qayd etdi.
Zelenskiy fikricha, Yaqin Sharqdagi mojaro RF iqtisodiyotiga ham foyda keltirmoqda, chunki neft narxlarining oshishi Kreml daromadlarini ko‘paytirmoqda. Bu esa Moskvaga ziddiyatni davom ettirish imkonini beradi. Zelenskiy Ukraina xalqaro hamkorlar e’tiborini saqlab qolish uchun o‘zining dronlarga qarshi kurash tajribasini boshqa davlatlar bilan bo‘lishishga tayyorligini bildirdi. Ayni paytda front chizig‘ida vaziyat keskinligicha qolmoqda va ruslar yangi hujumlarga tayyorlanayotgani aytilmoqda.
“Artemis” II: astronavtlar Oyga yaqinlashmoqda
“Artemis” II ekipaji parvozi tarixiy bosqichga kirdi. Astronavtlar Yerdan qariyb 272 ming km uzoqlashib, Oyga yaqinlashmoqda va yaqin vaqtda tortish kuchi ustunlik qiladigan hududga kirishi kutilmoqda. Agar missiya reja bo‘yicha davom etsa, ular insoniyat tarixida Yerdan eng uzoq masofaga chiqqan odamlar sifatida rekord o‘rnatadi. Ekipaj Oy yuzasini o‘rganish, kraterlar va qadimiy lavali hududlarni suratga olish uchun maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan.
Astronavtlar allaqachon Oyning ilgari inson ko‘zi ko‘rmagan qismi tasvirlarini yuborishni boshladi. Ular Oyni oldingi “Apollo” missiyalariga nisbatan ancha uzoq masofadan — taxminan 6,400 km atrofida aylanib o‘tadi, bu esa uning to‘liq manzarasini ko‘rish imkonini beradi. Shu bilan birga, missiya davomida texnik muammolar ham kuzatilmoqda, jumladan chiqindilarni chiqarish tizimida nosozliklar aniqlangan. Barcha qiyinchiliklarga qaramay, ushbu parvoz kelajakda Oyda doimiy baza yaratish rejalari uchun muhim qadam hisoblanadi.
Tramp Eronga yana keskin tahdid qildi
Eron hududida urib tushirilgan samolyotdan keyin yo‘qolgan AQSH harbiy uchuvchisi qutqarildi. Qutqaruv operatsiyasida o‘nlab uchoqlar ishtirok etgani aytildi, uchuvchi og‘ir yaralangan holda topilgan. Bu voqeadan ko‘p o‘tmay, Donald Tramp keskin bayonot berib, agar Hurmuz bo‘g‘ozi ochilmasa, mamlakatning energiya infratuzilmasi va ko‘priklariga zarba berilishi mumkinligini bildirdi.
Ayni paytda mintaqadagi vaziyat yanada keskinlashmoqda. Eron tomonidan Kuvayt, Bahrayn va BAAdagi energetika ob’ektlariga dron hujumlari amalga oshirildi, ayrim infratuzilmalarga zarar yetdi. Shu bilan birga, Pokiston, Turkiya va Misr vositachiligida muzokaralar urinishlari davom etmoqda, ammo hozircha ziddiyatni to‘xtatish bo‘yicha aniq natija kuzatilmayapti.
Musulmon Ziyo, O‘zA