AQSH – Eron muzokarasi: 45 kunlik sulh yoki...
Yaqin Sharqdagi keskinlikni yumshatish umidi ifodalangan AQSH va Eron o‘rtasidagi nozik muzokara davom etmoqda. 45 kunlik sulhni nazarda tutadigan mazkur kelishuv mintaqani urush yoqasidan qaytarish uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega.
AQSH, Eron va qator mintaqaviy vositachilar 45 kunlik sulh bo‘yicha muzokarani davom ettirmoqda, deb xabar bergan “Axios”. Garchi, darhol kelishuvga erishish ehtimoli past bo‘lsa-da, ushbu muloqot urush keskinlashuvining oldini olish uchun muhim imkoniyat sifatida ko‘rilyapti.
Hozir muvaffaqiyatga erishilmasa ham, reja ikkinchi bosqichda amalga oshishi mumkin: avval Eron hududidagi fuqarolik infratuzilmasiga zarbalar, keyin Fors ko‘rfazi davlatlaridagi energetika va suv ta’minoti manzillariga ehtimoliy javob hujumi.
Prezident Donald Tramp Eron uchun belgilagan 10 kunlik muddat uzaytirildi va seshanba kechgacha cho‘zildi. Yetakchi “chuqur muloqot” olib borilayotgani, kelishish imkoniyati mavjudligini ta’kidladi. Aks holda Eron infratuzilmasiga zarba berilishi ehtimoli ham istisno qilinmagan.
Hozir muzokara Pokiston, Misr va Turkiya vositachiligida, shuningdek AQSH maxsus vakili Stiv Uitkoff va Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chiy ishtirokida davom etyapti. Dastlab 45 kunlik sulh, keyingi bosqichda esa urushni rasman tugatish masalasi muhokama qilinadi. Zarurat tug‘ilganda sulh muddati uzaytiriladi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA