Dunyo xabarlari qisqa satrlarda
Qisqa, aniq va ishonchli axborot – global dunyoda tezkor xabardorlik garovi. O‘zA jahonda sodir bo‘layotgan eng muhim voqealarni qisqa satrlarda taqdim etadi.
“Artemis II” — insoniyat yana Oy sari…

50 yillik tanaffusdan so‘ng to‘rt nafar astronavt Oyga yo‘l oldi va bu missiya yangi kosmik davrning boshlanishi sifatida baholanmoqda. Gap shundaki, yaqinda “NASA”ning ulkan raketaci Floridadan kosmosga muvaffaqiyatli uchirildi, ekipaj tarkibida uch amerikalik va bir kanadalik bor. Parvoz taxminan 10 kun davom etadi va u Oyga qo‘nish rejasiga tayyorgarlik bosqichi hisoblanadi.
Ilk daqiqalardayoq ekipaj a’zolari koinotdan Oyni kuzatib, missiyaning muvaffaqiyatli boshlanganini tasdiqladi.Loyiha kelajakda tabiiy yo‘ldoshda doimiy baza va tadqiqotlarga zamin yaratishni maqsad qilgan. Shu bilan birga, bu harakat Xitoy bilan kosmik raqobat fonida AQSHning yetakchilik pozitsiyasini saqlab qolishga qaratilgan muhim qadam sifatida ko‘rilmoqda.
Eron Isroilga yana raketa uchirdi

Eron Isroilga so‘nggi uch haftadagi eng yirik raketaviy hujumni amalga oshirdi, markaziy hududlarda havo hujumi signallari bir necha bor yangradi. Xorijiy manbalarda yozilishicha, Tehron bir vaqtning o‘zida o‘nga yaqin ballistik raketa uchirgan. Ayrim o‘q-dorilar klaster turiga mansub bo‘lib, portlamay qolgan qismlari aholi uchun qo‘shimcha xavf tug‘dirmoqda.
Shu bilan birga, mojaro geosiyosiy va iqtisodiy bosimni kuchaytirmoqda. Hurmuz bo‘g‘ozi yopiq holda qolmoqda, bu esa neft va gaz bozorlarida beqarorlikni oshirdi. AQSH va Eron o‘rtasidagi bayonotlar ziddiyatli bo‘lib, bir tomon yaqinlashuvni aytsa, ikkinchi tomon muzokaralar mavjud emasligini ta’kidlamoqda.
Makron: Yevropa barqaror va ishonchli sherik

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Yaponiyaga tashrifi chog‘ida Yevropaning barqaror siyosatini ta’kidlab, ayrim davlatlarning keskin va oldindan ogohlantirmasdan qaror qabul qilishini tanqid qildi. U bu orqali AQSH siyosatiga ishora qildi, ayniqsa Eron nizosi davomida Fransiyaning harbiy operatsiyalarda ishtirok etmagani bo‘yicha Vashington tanqidiga javob berdi. Makron Yevropa sekin harakat qilishi mumkinligini tan oldi, ammo uning ishonchli pozitsiyasi global beqarorlik sharoitida ustunlik ekanini qayd etdi.
Tokio muzokaralarida Makron va Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichi energiya inqirozi va Hurmuz bo‘g‘ozi xavfsizligi masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Ikki davlat strategik xomashyo va mudofaa sohalarida hamkorlikni kuchaytirishga kelishib oldi. Yaponiyaning neft importida Yaqin Sharqqa bog‘liqligi bu hamkorlikni yanada muhim qilayotgani ta’kidlandi.
Shveysariya “Patriot” xarididan voz kechishi mumkin

Shveysariya AQSHdan sotib olish rejalashtirilgan “Patriot” havo mudofaa tizimlarini bekor qilish variantini ko‘rib chiqmoqda. Mamlakat mudofaa vaziri Martin Pfisterga ko‘ra, yetkazib berishdagi jiddiy kechikishlar sabab bu masala kun tartibiga chiqqan. Hukumat to‘lovlarni vaqtincha to‘xtatgan va yangi yetkazib berish muddatlari aniq belgilanmaguncha mablag‘ ajratmaslikka qaror qilgan. Ilgari 2022-yilda beshta tizimga buyurtma berilgan bo‘lib, ularni 2028-yilgacha qabul qilish rejalashtirilgan edi.
Kechikishlar Qo‘shma Shtatlarning Ukrainaga harbiy yordamni ustuvor qo‘yishi bilan izohlanmoqda. Shu bilan birga, Vashington Shveysariyaning boshqa mudofaa dasturlari uchun ajratilgan mablag‘lardan foydalangani haqida ma’lumotlar ham bahslarga sabab bo‘ldi. Rasmiylar barcha ehtimoliy ssenariylarni ko‘rib chiqmoqda va yakuniy qaror joriy yil yozigacha qabul qilinishi kutilmoqda.
G‘arbiy sohilda ommaviy ish tashlash…

G‘arbiy sohildagi shaharlarda do‘konlar va davlat muassasalari yopilib, Isroil qabul qilgan yangi qonunga qarshi umumiy ish tashlash o‘tkazildi. Hujjatga ko‘ra, halokatli hujumlarda aybdor deb topilgan falastinliklar uchun o‘lim jazosi asosiy jazo sifatida belgilangan, bu esa keng norozilikka sabab bo‘ldi. Hevron, Ramalloh va Nablus kabi shaharlarda savdo markazlari, bozorlar va ta’lim muassasalari ham yopildi.
Tanqidchilar bu qarorni adolatsiz va kamsituvchi deb baholab, uni bekor qilishni talab qilmoqda. Ularning ta’kidlashicha, qonun amalda falastinliklar uchun alohida va qattiqroq huquqiy tizim yaratadi. Bu orqali mintaqadagi keskinlik yanada kuchayib, ijtimoiy norozilik kengayishi mumkin.
YeI: Vengriya vetosi olib tashlansa, Ukrainaga mablag‘ tez ajratiladi

Yevropa Ittifoqi Ukraina uchun ajratilgan 90 milliard yevrolik moliyaviy paket bo‘yicha birinchi to‘lovni amalga oshirishga tayyor, ammo bu Vengriya vetosiga bog‘liq holda qolmoqda. Bryussel texnik va huquqiy jarayonlarni allaqachon tayyorlab qo‘ygan va to‘siq bartaraf etilsa, mablag‘ bir necha kun ichida o‘tkazilishi mumkin. Ayni paytda bu bahs “Drujba” neft quvuri atrofidagi kelishmovchilik bilan bog‘liq bo‘lib, qaror Vengriyadagi saylovdan keyin hal bo‘lishi kutilmoqda.
Kechikish Ukraina iqtisodiyoti uchun jiddiy xavf tug‘dirmoqda, chunki tashqi moliyaviy yordam may oyiga borib kamayib ketishi mumkin. YeI rasmiylari barcha ssenariylarni ko‘rib chiqmoqda, jumladan alternativ variant sifatida Rossiya aktivlaridan foydalanish masalasi ham muhokama markazida turibdi. Agar to‘siq bartaraf etilmasa, Kiyev davlat xarajatlarini qisqartirishga majbur bo‘lishi mumkin, bu esa urush sharoitida yanada og‘ir oqibatlarga olib keladi.
Migrantlar fojiasi: Italiya va Turkiya sohillarida o‘nlab qurbonlar

Italiya va Turkiya sohillari yaqinida kema halokati sabab o‘nlab migrantlar halok bo‘ldi. Lampeduza oroli atrofida 19 kishining jasadi topildi, yana bir necha kishi og‘ir ahvolda shifoxonaga olib ketildi. Qurbonlar sovuq va og‘ir ob-havo sharoiti sabab halok bo‘lgani taxmin qilinmoqda, ushbu hudud Afrikadan Yevropaga o‘tishdagi eng xavfli yo‘llardan biri hisoblanadi.
Kuni kecha Egey dengizida Afg‘oniston fuqarolarini olib ketayotgan qayiq ag‘darilib, yigirmaga yaqin kishi hayotdan ko‘z yumdi. Qayiq sohil qo‘riqchilari talabiga bo‘ysunmay tezlikda harakatlangan va qattiq to‘lqinlar tufayli nazoratdan chiqqan. Yil boshidan buyon O‘rta yer dengizida yuzlab odam halok bo‘lgani migratsiya inqirozining hali ham dolzarbligini ko‘rsatmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA