Isroilliklarning uchdan biri mamlakatni tark etishga tayyor
Keng ko‘lamli so‘rov natijasiga ko‘ra, isroilliklarning 66 foizi Bosh vazir Binyamin Netanyaxuning siyosatidan norozi, mamlakat aholining uchdan bir qismidan ko‘prog‘i harbiy va siyosiy beqarorlik sharoitida emigratsiya qilishni o‘ylamoqda, deb yozgan “Maariv” nashri.
Respondentlarning yarmi Eron hozirgi kampaniya natijasida zaiflashganiga ishonadi, 41,5 foizi o‘rta, 14,1 foizi sezilarli darajada kuchsizlashganini aytgan. 29,4 foiz ishtirokchi vaziyatda hech qanday o‘zgarish ko‘rmagan, 14,9 foiz odam Islom Respublikasi kuchayganini ta’kidlagan.
Isroil mavqeini baholashda ham shunga o‘xshash noaniqlik kuzatilgan. So‘rovda ishtirok etganlarning 37,7 foizi mamlakat nufuzi ko‘tarilganiga ishonadi, 33,4 foizi zaiflashuvga ishora qilib, qarama-qarshi fikr bildirgan. Tadqiqotda ichki inqirozning siyosiy oqibatiga alohida urg‘u berilgan. 66,1 foiz respondent Netanyaxudan norozi. Ularning 48,1 foizi “juda norozi”. Faqat 33,9 foiz so‘ralganlar davlat yetakchisi faoliyatidan qoniqish hosil qilgan.
– Ayniqsa, jamoatchilikning istiqboldan noroziligi darajasi xavotirli belgi, – deyilgan xabarda. – 31,1 foiz odam mamlakatni tark etish haqida o‘ylayotganini tan oldi. Ulardan 14,1 foizi allaqachon ayni yo‘nalishda tegishli qadamni qo‘ygan, 17 foizi ketishni o‘ylayapti-yu, lekin biror sababga ko‘ra bu ishni qilishga imkoni yo‘q.
“Globes” nashri yozishicha, so‘nggi payt Isroilda yashash qator Yevropa mamlakatlariga qaraganda qimmat.
Xususan, Reyxmann universiteti Teomkin iqtisodiyot maktabi huzuridagi “Aarons” iqtisodiy siyosat instituti tahlilchilari xulosasiga ko‘ra, mamlakatda uy-joy va oziq-ovqat narxi yuqoriligi qimmatchilikning asosiy omili sifatida ko‘rilyapti.
Tadqiqot Isroilda tovar va xizmatning o‘rtacha iste’mol savati Avstriya, Niderlandiya va Shvetsiyaga qaraganda 21 foiz qimmatligi aks etgan. Gretsiya, Kipr, Italiya va Ispaniya bilan taqqoslaganda farq 68 foizga yetgan.
Ta’kidlanishicha, yuqori narx mamlakatda turmush darajasini taxminan 14 foiz pasaytirgan. Bu holat ko‘pchilikda mamlakatni tark etish kayfiyatini kuchaytiryapti.
S.Rahimov, O‘zA