“Dunyo - quyosh nigohida” inklyuziv forumi o‘tkazildi
Poytaxtimizda teng imkoniyatlar va ijtimoiy integratsiya g‘oyalarini ilgari surishga qaratilgan yirik tadbirlardan biri — “Dunyo - quyosh nigohida” inklyuziv forumi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Ijtimoiy himoya milliy agentligi, UNICEF’ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, O‘zbekiston volontyorlari assotsiatsiyasi ko‘magida hamda “Quyoshli Olam” NNT ishtirokida o‘tkazildi.
Forum davomida daun sindromiga ega bolalar va yoshlarning konsert chiqishlari, ijodiy mahorat darslari, sport va interaktiv faoliyatlari, xayriya yarmarkasi hamda inklyuziv ta’lim va oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalariga bag‘ishlangan ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi.
Tadbirda Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondan kelgan tashkilotlar hamda ota-onalar hamjamiyatlari vakillari qatnashdi. Bu esa O‘zbekistonning inklyuziya sohasida mintaqaviy tajriba almashish maydoniga aylanib borayotganini ko‘rsatdi.
[gallery-28440]
Turkiya Maxsus sportchilar federatsiyasi vakili Birol Aydin bunday tadbirlar sport, ijtimoiy integratsiya va insonparvarlik qadriyatlarini birlashtirishini ta’kidladi. Uning fikricha, O‘zbekiston inklyuziyani rivojlantirish yo‘lida muhim qadamlar tashlamoqda va bu tajriba butun mintaqa uchun ilhom manbai bo‘lmoqda.
Qirg‘iz Respublikasidagi “Santerra Yug” fondi rahbari Jildiz Turatbekov forum oilalarning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini yaqqol namoyon etganini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, tadbir davomida bolalar va ota-onalar o‘zlarini jamiyatning to‘laqonli a’zosi sifatida his qilgani ko‘zga tashlandi.
“Quyoshli olam” NNT direktori Shahnoza Ikromova festivalning asosiy g‘oyasini izohlar ekan, jamiyatni inklyuziv muhitga aylantirish muhimligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tadbir ota-onalar yolg‘iz emasligi va farzandlar katta imkoniyatlarga ega ekanini yana bir bor namoyon etdi.
Tashkilotchilarning fikricha, forum nafaqat madaniy tadbir, balki jamiyatda xabardorlikni oshirish, stereotiplarni bartaraf etish va mamlakatda zamonaviy inklyuziv muhitni shakllantirishga xizmat qiluvchi muhim ijtimoiy platformaga aylandi.
Forum tenglik, hurmat va ijtimoiy hamjihatlik qadriyatlarini mustahkamlashga xizmat qildi.
Shahnoza Mamaturopova,
Asliddin Alijonova (surat)
O‘zA