Do‘stligimizni ulug‘lovchi tadbirlar boshlandi
30-iyul — Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan Jizzax viloyatida “Bir yurt, bir taqdir, bir oila” hamda “35 yillik Mustaqillik — do‘stlik va birdamlik timsoli” shiorlari ostida keng qamrovli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar boshlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi arafasida o‘tkazilayotgan mazkur tadbirlar yurtimizda qaror topgan tinchlik, millatlararo totuvlik, o‘zaro hurmat va bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlash, xalqlar o‘rtasidagi ahillik va hamjihatlikni yuksak qadriyat sifatida ulug‘lashga xizmat qilmoqda.
Tadbirlarda respublikadagi 20 dan ortiq milliy madaniy markaz rahbarlari hamda Jizzax viloyatida istiqomat qilayotgan 15 ta turli millat vakillari ishtirok etmoqda.
[gallery-30376]
Ma’naviy-ma’rifiy dastur Jizzax shahridagi Sharof Rashidov haykali poyiga gul qo‘yish marosimi bilan boshlandi. Unda Vatan taraqqiyoti, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlik yo‘lida xizmat qilgan buyuk davlat arbobi xotirasiga yuksak ehtirom ko‘rsatildi.
Shundan so‘ng tadbir ishtirokchilari Forish tumanining so‘lim Uxum mahallasida tashkil etilgan bayram dasturlarida qatnashdilar. Bu yerda turli millat va elat vakillari ishtirokida madaniy-ma’rifiy chiqishlar, milliy kuy-qo‘shiqlar va an’analarni o‘zida mujassam etgan ko‘rgazmali dasturlar namoyish etildi.
Shuningdek, mahalliy aholi bilan ochiq muloqotlar o‘tkazilib, hududning boy urf-odatlari, qadriyatlari va mehmondo‘stlik an’analari keng targ‘ib qilinganini ham alohida ta’kidlash joiz. Turli millat vakillarining samimiy uchrashuvlari, do‘stona suhbatlari va madaniy muloqotlari yurtimizdagi millatlararo totuvlik muhitining yana bir yorqin ifodasiga aylanmoqda.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari