Bokulik mutaxassislar Toshkent aeroporti faoliyati bilan tanishdi
Fuqarolik aviatsiyasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, ilg‘or tajribalarni o‘rganish va parvozlar xavfsizligini yanada oshirish bugungi kunning muhim vazifalaridan biri hisoblanadi.
Ana shu maqsadda Toshkent shahrida O‘zbekiston va Ozarbayjon aviatsiya sohasi vakillari ishtirokida ishchi uchrashuv o‘tkazildi.
Toshkent shahrida “Uzbekistan Airports” vakillari hamda Haydar Aliyev nomidagi Boku xalqaro aeroporti va Ozarbayjon transport sohasi delegatsiyasi o‘rtasida ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ozarbayjon delegatsiyasi tarkibidan aeroport direktori, Ozarbayjon raqamli rivojlanish va transport vazirligining bosh maslahatchisi hamda AZCON xoldingi vakillari o‘rin oldi.
Tashrif doirasida mehmonlar Toshkent aeroporti faoliyati, uning aerodrom va terminal infratuzilmasi bilan tanishdi. Tomonlar operatsion faoliyatni tashkil etish, aerodromni texnik ekspluatatsiya qilish hamda parvozlar xavfsizligini ta’minlash sohasida o‘zaro tajriba almashdi.
Uchrashuvning asosiy mavzularidan biri aerodromda xavflarni boshqarish masalasi bo‘ldi. Mutaxassislar tomonidan begona jismlarni (FOD) aniqlash va nazorat qilishning zamonaviy yondashuvlari, shuningdek, qushlar va yovvoyi hayvonlar bilan bog‘liq xavflarni kamaytirish bo‘yicha qo‘llanilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Shuningdek, Toshkent aeroportining aerodrom infratuzilmasiga alohida e’tibor qaratildi. Ozarbayjon delegatsiyasi sement-beton qoplamali uchish-qo‘nish yo‘lagining ekspluatatsiya xususiyatlari bilan tanishdi. Ushbu qoplama yuqori yuklamalarga chidamliligi, uzoq xizmat muddati hamda turli iqlim sharoitlarida ishonchli va samarali foydalanish imkoniyati bilan ajralib turishi qayd etildi.
Bundan tashqari, mehmonlar terminal majmuasi faoliyati va aeroportda joriy etilgan zamonaviy texnologik yechimlar bilan ham tanishdi.
Uchrashuv yakunida aeroportlar faoliyatini yanada takomillashtirish, xavfsizlik standartlarini yuksaltirish va o‘zaro amaliy tajriba almashish bo‘yicha hamkorlikni izchil davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA