Deputatlar ko‘magida 238,9 milliard so‘mlik “Open byudjet” loyihalari moliyalashtiriladi
Prezidentimizning 2025-yil 29-avgustdagi “Tashabbusli byudjet jarayonlarini takomillashtirish doirasida xalq vakillari va saylovchilar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida tashabbusli byudjetlashtirish jarayonida deputatlarning ishtirokiga oid belgilangan tashabbuslarga ko‘ra, parlament quyi palatasi deputatlariga “Open byudjet”da g‘olib bo‘lmagan loyihalar orasidan zarur loyihalarni tanlab olish imkoniyati yo‘lga qo‘yildi.
Avval xabar berilganidek, deputatlarimiz mart oyi yakunida o‘z saylov okruglariga chiqib, “Tashabbusli byudjet”da ovoz yig‘olmay qolgan eng e’tibortalab loyihalarni o‘rgandi va hududlar mutasaddilari bilan maslahatlashilgan holda eng zarur loyihalar tanlab olindi. Mazkur jarayonda, albatta, deputatlarning shaxsiy mas’uliyati, loyihalarda aks etgan muammolarni ichiga kirib borgan holda o‘rganishi va adolatli qaror qabul qilishi muhim ahamiyatga ega.

Bu boradagi raqamlarga to‘xtalsak, xalq vakillari hududlardagi eng muhim, ijtimoiy jihatdan eng dolzarb deb topgan loyihalarni saralab, jami 238,9 milliard so‘mlik loyihalarni ma’qulladi.

Tanlangan loyihalar yo‘nalishlar bo‘yicha tahlil qilinganda, quyidagi yo‘nalishlar ustuvorlik qiladi.

Yo‘l va ko‘priklar: 102,9 mlrd. so‘m mablag‘ 165 kilometrdan ortiq ichki yo‘llarni asfalt qilish, ko‘priklarni ta’mirlash va piyodalar yo‘laklarini qurishga sarflanadi. Ayrim hududlarda qishda loy, yozda chang bo‘lib, aholiga noqulaylik tug‘diradigan yo‘llar yoxud bir hududni ikkinchi hudud bilan bog‘laydigan ta’mirtalab holatdagi ko‘priklar endi davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan ta’mirlanadi. Natijada loy kechib, chang yutib yurishlarga chek qo‘yilib, aholiga qulayliklar yaratiladi.
Ta’lim va tibbiyot: 90,6 mlrd. so‘m mablag‘ 56 ta maktab, bog‘cha va shifoxonalarni ta’mirlash hamda ularning moddiy-texnika bazasini yangilashga yo‘naltiriladi. Bu esa minglab farzandlarimizning ta’lim-tarbiya olishida qulaylik, zamonaviy sharoit yaratish, shuningdek, minglab aholi vakillarining sifatli tibbiy yordam olish imkoniyati demakdir.
Infratuzilma va sport: tanlangan loyihalar orasida 45,4 mlrd. so‘m mablag‘ mahallalarni elektr energiyasi bilan ta’minlash, sport maydonchalari va boshqa ijtimoiy ahamiyatga ega ob’ektlar uchun ajratiladi. Bu esa mahallalarni obod qilish, odamlar uchun farovon turmush sharoitlarini yaratish, joylarda Yangi O‘zbekiston qiyofasini aks ettirishga xizmat qiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, deputatlar tomonidan tanlangan ushbu loyihalarning moliyalashtirilishi natijasida ko‘plab mahallalardagi o‘ta eskirgan va odamlar xavfsizligiga tahdid solayotgan ko‘priklar, chekka hududlar bilan markazlarni bog‘lovchi muhim yo‘llar yoxud ichki yo‘lar ta’mirlanadi. Eng chekka va “og‘ir” hududlardagi ijtimoiy ob’ektlar zamonaviy ko‘rinishga kiradi, infratuzilmasi yaxshilanadi. Maktab va bog‘chalar uchun yangi binolar qurilishi yoxud mavjud binolari ta’mirlanishiga asos bo‘ladi.
Endi kutilgan natijalarga erishish uchun tanlangan loyihalarning amalga oshirilishi, har bir ishning sifatli bajarilishi va byudjet mablag‘larining manzilli, maqsadli sarflanishi ustidan qat’iy deputatlik nazorati o‘rnatiladi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA