“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalida mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish mavzusi yoritildi
Inson qadri va xalq manfaatlari ustuvor bo‘lgan yangi O‘zbekiston barpo etilmoqda. Davlatimiz va xalqimiz oldidagi bunday ulug‘ maqsadga erishish uchun, avvalo, jamiyatimizda inson huquqlari ta’minlanishini yanada mustahkamlash, aholining bu boradagi huquqiy bilimini oshirish g‘oyat muhim.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi muassisligidagi “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali ayni shu dolzarb maqsadga erishish, inson huquqlarini himoya qilish va qonuniy kafolatlash borasidagi milliy amaliyot hamda xorijiy tajribani yoritishga ixtisoslashgan.
1999-yildan beri nashr etib kelinayotgan jurnal o‘zbek, rus va ingliz tilidagi dolzarb ilmiy hamda ma’rifiy maqolalarni yurtimizda va xalqaro miqyosda yoritib kelmoqda.
[gallery-28439]
Shuningdek, jurnal Oliy attestatsiya komissiyasining siyosiy fanlar, huquqshunoslik, falsafa, tarix, islomshunoslik va sotsiologiya fanlari bo‘yicha dissertatsiya asosiy ilmiy natijalarini chop etish tavsiya etilgan ilmiy nashrlar ro‘yxatiga kiritilgan.
Jurnal tahririyatining ijodiy jamoasi 2024-yilda “Oltin qalam” Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovning “Inson huquqlari va ijtimoiy hayotimiz bilan bog‘liq dolzarb mavzulardagi materiallari uchun” nominatsiyasi g‘olibi bo‘lgan.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalining 2026-yil – Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yiliga bag‘ishlangan navbatdagi soni taqdimotida shu kabi fikrlar bildirildi.
Taqdimotda “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalining tahrir kengashi a’zolari va mamlakatimizdagi huquqiy mavzularni yoritishga ixtisoslashgan ommaviy axborot vositalari vakillari ham qatnashdi.
Tadbir ishtirokchilari jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirishga jurnal muhim hissa qo‘shayotganini ta’kidladi. Bu inson huquqlari ustuvorligi tamoyili amalda qaror topishiga xizmat qilmoqda.
Jurnalning 2026-yildagi birinchi sonida maqolasi nashr etilgan mualliflar esa o‘z maqolalari bo‘yicha chiqish qildi. Dolzarb mavzulardagi ilmiy ma’ruzalar tinglandi.
Har bir ilmiy ma’ruzadan so‘ng muhokama va savol-javoblar o‘tkazildi.
N.Abduraimova,
F.Abdurasulov (surat),
O‘zA