Demokratik qadriyatlar ijtimoiy-iqtisodiy yuksalishning o‘zagi hisoblanadi
Munosabat
Mamlakatimizda referendum asosida amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohotlar inson huquqlari himoyasi, qonun va odil sudlov ustuvorligi, ijtimoiy siyosatni kuchaytirishda muhim qadam bo‘ldi. Konstitutsiyada O‘zbekiston “suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat”deb belgilandi.
Darhaqiqat, demokratik jamiyatning muhim belgilaridan biri, bu – barchaning qonun oldida tengligi, konstitutsiyaviy me’yor va tamoyillarning barcha jabhada ustunligida namoyon bo‘ladi.
Bunday jamiyat qurish uchun mamlakatda qabul qilinayotgan qonunlar adolatli bo‘lishi va xalq manfaatlarini ifoda etishi lozim. Bunday qonunlarga og‘ishmay itoat etilsagina jamiyatda demokratik muhit qaror topadi.
Adolat prinsipiga asoslangan qonunlarning hayotga tatbiq etilishi inson qadr-qimmatini ulug‘laydi. Shu ma’noda mamlakatimizda qonuniylik va qonun ustuvorligini ta’minlashning tashkiliy-huquqiy mexanizmlari yaratilgan. Birinchidan, qonunlarning bajarilishi ustidan parlament, jamoatchilik va idoraviy hamda adliya organlarining nazorati o‘rnatilgan. Ikkinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlarning hujjatlari Konstitutsiyaga qanchalik mosligiga doir ishlarni ko‘rishi belgilab qo‘yilgan.
Uchinchidan, har bir shaxs o‘zining qonuniy manfaatlarini sud orqali himoyalash, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqiga ega. To‘rtinchidan, qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishi ustidan prokurorlik nazorati mustahkamlangan.
Umuman olganda, qonun ustuvorligi har bir insonga o‘z hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari qonunan kafolatlangani tufayli tinch, osoyishta, xotirjam, hech qanday tashqi ta’sirlardan, zo‘ravonlik va o‘zboshimchaliklardan qo‘rqmay yashash imkoniyatini beradi. Bunday jamiyatda odil sudlov mustaqil bo‘lib, samarali amalga oshiriladi.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 8-moddasida “Har bir inson unga Konstitutsiya yoki qonun orqali berilgan asosiy huquqlari buzilgan hollarda nufuzli milliy sudlar tomonidan bu huquqlarning samarali tiklanishi huquqiga ega” deb qayd etib qo‘yilgan. Mazkur xalqaro standart O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ham o‘z ifodasini topgan. Konstitutsiyaga ko‘ra, har kimga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlarining hamda boshqa tashkilotlarning, mansabdor shaxslarning qonunga xilof qarorlari, harakatlari va harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlangan.
Shuni aytish joizki, mamlakatimizda konstitutsiyaviy shikoyat instituti joriy etilishi inson huquq va erkinliklarini himoya qilish tizimini yangi darajaga ko‘tardi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 133-moddasi ikkinchi qismiga binoan, fuqarolar va yuridik shaxslar, agar sud orqali himoya qilishning boshqa barcha vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, sudda ko‘rib chiqilishi tugallangan muayyan ishda sud tomonidan o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risidagi shikoyat bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga murojaat qilishga haqli ekani mustahkamlandi.
Konstitutsiyaviy shikoyat instituti inson huquq va erkinliklarini buzayotgan qonunni Konstitutsiyaga muvofiqligini aniqlashga qaratilgan bo‘lib, shikoyat fuqarolar va yuridik shaxslarni qonunning Konstitutsiya prinsiplari va normalariga muvofiqligini tekshirish so‘rovi bilan bevosita konstitutsiyaviy nazorat organiga murojaatini bildiradi. Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilishning pirovard maqsadi muayyan qonun normasini Konstitutsiyaga muvofiq yoki muvofiq emasligini aniqlashdan iboratdir.
Shu o‘rinda fuqaro va yuridik shaxsлар Konstitutsiyaviy sud vakolatiga kiritilgan boshқа masalalar yuzasidan murojaat qilish huquqi chegaralanganmi, degan haqli savol tug‘iladi. Bunga javoban ta’kidlash joizki, bunday hollarda fuqaro va yuridik shaxsлар Konstitutsiyaviy sudga murojaatlarni Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqiga ega bo‘lgan sub’ektlar orqali kiritishi mumkin. Mazkur sub’ektlar “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonunning 27-moddasi birinchi qismida ko‘rsatib o‘tilgan.
Shu jumladan, Konstitutsiyaviy qonunning 86-moddasiga muvofiq, konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari muayyan ishda qo‘llanilgan va O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq bo‘lmagan qonunda buzilgan, deb hisoblovchi fuqarolar hamda yuridik shaxslarning shikoyatlari, agar sudda himoya qilishning boshqa barcha vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, sudda ishni ko‘rib chiqish tugagan kundan e’tiboran bir yildan kechiktirmay beriladi.
O‘z navbatida mamlakatimizda konstitutsiyaviy shikoyat institutining tatbiq etilishi konstitutsiyaviy sud faoliyatini takomillashtirishga turtki berdi. Shuningdek, qonunlarning sifati va samaradorligi, ularning konstitutsiyaviyligini, davlat va jamiyat hayotini yanada demokratlashtirishni ta’minlashga xizmat qilishi bilan g‘oyatda ahamiyatlidir.
Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, qabul qilinayotgan qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar adolatga, inson huquqi va manfaatlariga asoslangan bo‘lsa, shu davlatda demokratik qadriyatlar barqaror sur’atda rivojlanadi. Demokratik qadriyatlar esa ijtimoiy-iqtisodiy yuksalishning o‘zagi hisoblanadi. Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining mazmun-mohiyatan mana shu haqiqatga asoslanadi.
U.G‘iyosov,
O‘zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyaviy sudi bosh konsultanti.
O‘zA