Davlat xizmatlari samaradorligi o‘rganildi
Bir hujjatni rasmiylashtirish uchun bir nechta idoraga murojaat qilish va uzoq navbatlarda kutish kabi ovoragarchiliklar tobora kamaymoqda. Bugun davlat xizmatlari markazlarida yaratilgan sharoitlar tufayli ko‘plab yumushlarni bir manzilning o‘zida hal etish mumkin. Bu, avvalo, inson qadrini ulug‘lash, fuqarolarning vaqtini tejash va ularning hayotini yengillashtirishga qaratilgan islohotlar samarasidir.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Sirdaryo viloyatida bo‘lib, davlat xizmatlari markazlarining faoliyati, aholiga yaratilgan sharoitlar va xizmat ko‘rsatish sifatini o‘rganishdi. Jumladan, Guliston shahri va Mirzaobod tumani Davlat xizmatlari markazlarida murojaatlarni qabul qilish tartibi, elektron navbat tizimining ishlashi hamda mavjud imkoniyatlar bilan tanishildi.

Ayniqsa, Guliston shahridagi «yagona darcha» tamoyili asosida faoliyat yurituvchi markaz deputatlar e’tiborini tortdi. O‘tgan yili foydalanishga topshirilgan, umumiy qiymati 6 milliard 972 million so‘m bo‘lgan mazkur inshootda bir qator huquqiy va ma’muriy xizmatlar bir joyda jamlangan.

Zamonaviy binoda shahar adliya bo‘limi, yuridik xizmat ko‘rsatish markazi, FHDYO bo‘limi, Davlat xizmatlari markazi, notarial va FHDYO arxivlari joylashgan. Bu yerda fuqarolar hujjatlarni rasmiylashtirish, huquqiy maslahat olish, nikohni qayd etish va mulkiy munosabatlarga oid masalalarni hal qilish imkoniga ega.

Markazning 17 ta qabul oynasi orqali 800 dan ortiq turdagi davlat xizmatlari ko‘rsatiladi. Elektron navbat tizimi, axborot kiosklari va maslahat xizmatlari esa murojaatlarni tezkor qabul qilish va xizmatlardan foydalanishni osonlashtirishga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yaratilgan sharoitlar, jumladan, davlat xizmatlaridan to‘siqlarsiz foydalanish va infokiosklar orqali xizmatlarni mustaqil olish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Zero, xizmatlardan foydalanishda barcha fuqarolar uchun teng imkoniyat yaratilishi muhim.

Mamlakatimizda ma’muriy jarayonlarni soddalashtirish va ortiqcha hujjatbozlikni qisqartirish borasida ham muayyan natijalarga erishilmoqda. Xususan, 178 ta xizmat soddalashtirilib, 39 ta kompozit xizmat joriy etilgan. Biznes jarayonlarini qayta ko‘rib chiqish natijasida yana 71 ta xizmat soddalashtirilgan, 40 turdagi ma’lumot va hujjatlarni taqdim etish tartibi maqbullashtirilgan.

— Deputatlar markazimiz faoliyati bilan tanishish jarayonida aholiga yaratilgan sharoitlar va xizmat ko‘rsatish sifatiga alohida e’tibor qaratdilar. O‘rganish davomida o‘z tavsiya va maslahatlarini ham bildirdilar. Bunday muloqotlar faoliyatimizni takomillashtirish va xizmatlar sifatini oshirishda muhim ahamiyatga ega, — deydi Guliston shahar Davlat xizmatlari markazi direktori Sunnat Qudratov.

O‘rganishlar davomida sohadagi qonunchilikni takomillashtirish va mavjud muammolarga amaliy yechim topish masalalari ham muhokama qilindi. Joylardagi holatni tahlil qilish, soha vakillari bilan muloqot o‘tkazish fuqarolar ehtiyojlarini aniqlash va xizmatlar samaradorligini oshirishga qaratilgan choralarni belgilash imkonini beradi.

Davlat xizmatlarining sodda, tezkor va shaffof tashkil etilishi islohotlarning aholi hayotidagi amaliy ifodasidir. Ularning natijasi fuqarolarning vaqti tejalishi, murojaatlari o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi va zarur xizmatlardan ortiqcha sarsongarchiliksiz foydalanishida namoyon bo‘ladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri