Marhumning oila a’zolari foydasiga 685 million so‘m sug‘urta puli undirildi
Majburiy ijro byurosi tomonidan olib borilgan ijro harakatlari natijasida marhumning merosxo‘rlari foydasiga 685 million so‘m sug‘urta to‘lovi undirilishi ta’minlandi.
Majburiy ijro byurosi Mirzo Ulug‘bek tuman bo‘limi tomonidan sud hujjati ijrosini ta’minlash yuzasidan olib borilgan chora-tadbirlar natijasida «O‘zagrosug‘urta» AJdan undiruvchilar foydasiga 685 million so‘m mablag‘ undirildi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining ijro varaqasiga asosan, «O‘zagrosug‘urta» AJ zimmasiga jinoyat ishlari bo‘yicha Sariosiyo tuman sudining sobiq raisi, marhum V.X.Norbekovning merosxo‘rlariga uning oxirgi oylik ish haqining 50 baravari miqdorida sug‘urta to‘lovini amalga oshirish majburiyati yuklatilgan.
Sud hujjatiga ko‘ra, sug‘urta mablag‘lari marhumning merosxo‘rlari X.S.Nurmanova, X.Norbekov, G.P.Pardayeva hamda voyaga yetmagan farzandlari M.V.Saidov va G.V.Saidova foydasiga to‘lanishi lozim edi.
Mazkur ijro hujjati bo‘yicha davlat ijrochisi tomonidan qonunda belgilangan tartibda ijro ishi qo‘zg‘atilib, qarzdor tashkilotga sud talablarini bajarish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Ijro jarayonida qarzdor tashkilotga nisbatan 4 million 400 ming so‘m miqdorida ijro yig‘imi qo‘llanildi. Shuningdek, tashkilotning mas’ul mansabdor shaxslaridan sud hujjatida belgilangan majburiyatlarni bajarish bo‘yicha majburiyatnoma olindi.
Ko‘rilgan choralar va ijro harakatlari natijasida 685 million so‘m sug‘urta to‘lovini undirishga erishildi. Qolgan 200 million so‘mdan ortiq mablag‘ni to‘lash masalasida ham taraflar o‘zaro kelishuvga erishgan.
Shu tariqa, Majburiy ijro byurosi tomonidan sud hujjati ijrosini ta’minlash orqali marhumning oila a’zolari va merosxo‘rlarining qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan amaliy choralar ko‘rildi.
Hamroz Bayonov,
O‘zA