Davlat xaridlarida shaffoflik mexanizmlari takomillashtiriladi
Davlat xaridlari sohasida hisobdorlikni kuchaytirish, xaridlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning ochiqligini ta’minlash hamda davlat buyurtmachilari faoliyati ustidan nazorat mexanizmlarini takomillashtirish byudjet mablag‘laridan samarali foydalanilishida muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda ishlab chiqilgan davlat xaridlari tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi Qonunchilik palatasi majlisida birinchi o‘qishda muhokama qilindi.
Loyihaga ko‘ra, davlat xaridlarida sotilgan tovarlar va ko‘rsatilgan xizmatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni hududlar kesimida e’lon qilib borish taklif etilyapti. Bu orqali davlat xaridlarining hududlar bo‘yicha holatini tahlil qilish, qaysi turdagi tovar va xizmatlarga talab yuqori ekanini kuzatib borish hamda xarid jarayonlarining ochiqligini oshirish imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, loyihada davlat xaridlari ustidan parlament nazoratini kuchaytirish masalalari ko‘zda tutilmoqda. Shu maqsadda Davlat byudjeti ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlar tarkibiga davlat buyurtmachilari tomonidan amalga oshirilgan davlat xaridlari natijalarini kiritish ham nazarda tutilyapti. Bunda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida amalga oshirilgan xaridlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ham hisobotlarda alohida aks ettirish belgilanmoqda. Bu esa deputatlarga byudjet mablag‘larining davlat xaridlari orqali qanday sarflanayotganini tizimli tahlil qilish, xarid usullari va natijalarini baholash hamda zarur hollarda parlament nazorati choralarini qo‘llash imkoniyatini kengaytiradi.
Qonun loyihasida tadbirkorlarning davlat xaridlari jarayonida yuzaga keladigan shikoyatlarini joylarda tezkor ko‘rib chiqish maqsadida Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiyaning doimiy faoliyat yurituvchi hududiy komissiyalarini tashkil etish taklif etilmoqda. Bu esa shikoyatlarni joylarda tezroq ko‘rib chiqish, nizolarni qisqa vaqtda hal qilish, tadbirkorlarning vaqt va xarajatlarini tejashga xizmat qiladi. Shuningdek, davlat xaridlari jarayonida tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini himoya qiladi.
Qayd etilganidek, loyihadagi normalar davlat xaridlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarning ochiqligini oshirish, shaffoflik va hisobdorlikni ta’minlashga xizmat qiladi. Shu bilan birga, davlat xaridlarida sog‘lom raqobat muhitini kengaytiradi, tadbirkorlik sub’ektlarining xarid jarayonlarida faol ishtirokini rag‘batlantiradi hamda byudjet mablag‘laridan samarali foydalanishni ta’minlaydi.
M.Komilova, O‘zA