Davlat xaridlarida 7,8 trillion so‘m tejamkorlikka erishildi
Ma’lumki, Prezidentimizning 2026-yil 4-fevraldagi «Mahalliy ishlab chiqarish va sanoat kooperatsiyasini yangi tizim asosida rivojlantirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni bilan Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi tashkil etildi.
Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazida Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi tomonidan Agentlik faoliyatining 2026-yil birinchi yarim yillik yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda qayd etilishicha, qisqa vaqt mobaynida Agentlik tomonidan sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, mahalliylashtirish loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, davlat xaridlarida ochiqlik va raqobat muhitini ta’minlash, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning davlat xaridlaridagi ishtirokini kengaytirish, raqamli platformalarni takomillashtirish hamda tadbirkorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qator tizimli ishlar amalga oshirilgan.
Joriy yilning birinchi yarmida mahalliylashtirish dasturi doirasida 1 ming 746 ta loyiha amalga oshirildi. Buning natijasida avval import qilingan qator mahsulotlarni mamlakatimizda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, «Navoiyazot» AJda natriy sianid, «Uz Tong Hong Kompani» AJda BYD avtomobillari uchun o‘rindiqlar, Andijondagi «Uz-Hanwoo» MCHJda KIA Sonet avtomobili uchun ichki salon qismlari hamda Namangandagi «Vodiy Circuits» MCHJda elektron platalar ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.
Dastur doirasida 83 turdagi yangi mahsulot ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilib, import o‘rnini bosish samaradorligi 3,8 milliard dollarga yetdi. Shuningdek, tadbirkorlar tomonidan o‘zlashtirilishi mumkin bo‘lgan 1,6 milliard dollarlik 50 turdagi mahsulot Agentlikning rasmiy veb-saytiga joylashtirildi.
—Prezidentimizning tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotiga tayyorgarlik doirasida respublika bo‘yicha 208 ta tuman va shaharda ochiq muloqotlar tashkil etildi, — deydi Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi direktor o‘rinbosari Jahongir Yunusov. — Ularda 2 ming 700 nafardan ortiq tadbirkor ishtirok etib, ishlab chiqarish, mahalliylashtirish, davlat xaridlari, sertifikatlashtirish va sanoat kooperatsiyasiga oid dolzarb masalalar muhokama qilindi. Muloqotlar davomida jami 447 ta muammo va taklif ko‘tarildi. Shundan 155 tasi joyida hal etildi, 75 ta masala yuzasidan huquqiy va amaliy tushuntirishlar berildi, 214 ta masala bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilanib, ijrosi nazoratga olindi. Joriy yil may oyida Ohangaronda tog‘-kon sanoati, iyul oyida esa Samarqand viloyatining Jomboy tumanida transport sohasiga bag‘ishlangan «Milliy sanoat zanjiri» ko‘rgazmalari o‘tkazildi. Ushbu tadbirlar yirik buyurtmachilar, mahalliy ishlab chiqaruvchilar, ilmiy muassasalar va texnologiya yetkazib beruvchilarni birlashtirgan samarali hamkorlik platformasiga aylandi. Natijada 3,8 trillion so‘mlik shartnoma va kelishuvlar imzolandi. Shuningdek, tadbirkorlarga 1,5 milliard dollarlik mahalliylashtirish salohiyatiga ega 856 turdagi mahsulot taklif etildi.
Agentlik mamlakatimizda amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarida mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirokini kengaytirishga qaratilgan yangi mexanizmni yo‘lga qo‘ydi. Joriy yilda o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan 53 milliard dollarlik investitsiya portfeli doirasida 21,1 milliard dollarlik milliy qo‘shilgan qiymat shakllantirish imkoniyati aniqlandi. Yangi monitoring tizimi natijasida birinchi yarim yillikda o‘zlashtirilgan 27,6 milliard dollarlik investitsiyalarda mahalliy qo‘shilgan qiymat ulushi 36 foizni tashkil qildi. 2026-yilning birinchi yarmida davlat xaridlari hajmi 188,4 trillion so‘mni tashkil etdi. Shundan 72,9 trillion so‘mi byudjet, 115,5 trillion so‘mi esa korporativ xaridlar hissasiga to‘g‘ri keldi. Raqobatli xaridlar ulushi 60 foizga, ya’ni 112,9 trillion so‘mga yetdi. Bu orqali 7,8 trillion so‘m byudjet mablag‘i tejaldi.
[gallery-30614]
Tadbirkorlar murojaatlarini tezkor ko‘rib chiqish maqsadida Agentlikning sall-markazi ishga tushirildi. Mart-iyun oylarida 3 ming 650 ta murojaat qabul qilinib, ularning 76 foizi ijobiy hal etildi. Shu bilan birga, davlat xaridlarini raqamlashtirish jarayoni izchil davom etmoqda.
Tadbirkorlarga qo‘shimcha qulaylik sifatida «Kooperatsiya» portalida zakalat va komissiya to‘lovlari uchun 100 million so‘mgacha kredit ajratish mexanizmi joriy etildi. Birinchi marta 30 kungacha foizsiz kredit berish yo‘lga qo‘yildi. Hozirga qadar 48 ta korxonaga 5,9 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.
Yilning ikkinchi yarmida energetika, kimyo va neft-kimyo tarmoqlarida «Milliy sanoat zanjiri» ko‘rgazmalarini tashkil etish, mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan yirik buyurtmachilar o‘rtasidagi kooperatsiyani yanada kengaytirish rejalashtirilgan. Shuningdek, davlat xaridlarida raqobat muhitini kuchaytirish, mahalliy mahsulotlar ulushini oshirish, xaridlarning o‘rtacha bozor narxini sun’iy intellekt asosida aniqlovchi modulni to‘liq ishga tushirish va raqamlashtirish ishlarini jadallashtirish belgilangan.
Shahnoza Mamaturopova,
Oybek Pardayev(curat)
O‘zA