Davlat fuqarolik xizmati sohasidagi islohotlar samarasi
So‘nggi yillarda mamlakatimizda barcha sohalarda bo‘lgani kabi davlat xizmatini rivojlantirish, bunda sifat va samaradorlikni oshirish, tizimga har tomonlama malakali, bilimli kadrlarni jalb qilish, davlat fuqarolik xizmati tizimining birligi va barqarorligi, qonuniylik, adolat, xalqqa xizmat qilish, davlat organlari va mansabdor shaxslarning jamiyat va fuqarolar oldidagi javobgarligi, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligiga katta e’tibor qaratilmoqda.
Islohotlarning natijadorligi, ularning har bir fuqaroga yetib borishi bevosita davlat xizmatining ochiqligiga, unda ishlayotgan kadrlar salohiyati va mas’uliyatiga bevosita bog‘liq. Chunki aynan davlat xizmatchilari orqali fuqarolarning davlatga bo‘lgan ishonchi mustahkamlanib, o‘zgarishlarga nisbatan munosabati ijobiy tomonga shakllanadi hamda yurtimizda olib borilayotgan islohotlarni o‘z hayotida seza boshlaydi.
Xalqchil davlat xizmatini isloh qilish
Yurtimizning barcha hududlaridagi davlat tashkilotlari va muassasalarida fuqarolarni ortiqcha ovora qilmasdan byurokratiyaga chek qo‘yish, davlat xizmatiga salohiyatli kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish, xodimlarni samarali boshqarish va inson resurslarini rivojlantirish, malakali kadrlar zaxirasini raqobat asosida shakllantirish zarurati ushbu sohaga oid qonunchilik hujjatlariga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, islohotlarni amalga oshirishni taqozo etdi.

Prezidentimizning 2019 yil 3 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilinishi davlat fuqarolik xizmati sohasidagi tub o‘zgarishlarni boshlab berdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Ushbu farmon qabul qilinishi bilan, davlat fuqarolik xizmatini yanada takomillashtirish va isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlari belgilanib, davlat fuqarolik xizmati sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashkil etilganligini alohida e’tirof etish lozim.
Shu o‘rinda, davlatimiz rahbarining nomi yuqorida zikr etilgan 2019 yil 3 oktyabrdagi farmonida mamlakatimizda davlat fuqarolik xizmatining asosiy tushunchalari, reglamentlari va kafolatlarini belgilab beruvchi O‘zbekiston Respublikasining “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida” gi qonun loyihasini xorijiy ekspertlarning tavsiyalari va keng jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan edi.
Davlat fuqarolik xizmati o‘zi nima?
Respublikamiz rahbari tomonidan 2022 yil 8 avgustda “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun imzolandi va 2022 yilning noyabr oyidan boshlab kuchga kirdi. Qonun davlat fuqarolik xizmati sohasidagi munosabatlarni, ya’ni davlat organlari va tashkilotlari o‘rta bo‘g‘in xodimlarining mehnatini tartibga soladi.
Shuningdek, O‘zbekiston fuqarolarining davlat organlari va tashkilotlarida jamiyat manfaatlarini ko‘zlagan holda amalga oshiradigan haq to‘lanadigan kasbiy faoliyatidir. Ilgari bunday tushuncha yo‘q edi, endi fuqarolik va davlat xizmatining boshqa turlaridan nimasi bilan farq qilishi aniq bo‘ldi. Umuman olganda, davlat xizmati fuqarolik, huquqni muhofaza qiluvchi, diplomatik va harbiy yoki siyosiy va nosiyosiy bo‘lishi mumkin. Ularning har biri huquqiy vazifasiga ko‘ra bir biridan farqlanadi.
Huquqshunos olimlar, soha mas’ullari va ekspertlar tomonidan ushbu qonun loyihasini ishlab chiqishda bir qator rivojlangan davlatlarning fuqarolarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasidagi ilg‘or tajribasi o‘rganildi va tegishli joylari namuna sifatida olindi.

Xorijiy mamlakatlarning tajribasi shuni ko‘rsatadiki, Germaniya, Fransiya, Niderlandiya hamda Osiyoning Yaponiya, Janubiy Koreya kabi mamlakatlarning davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risidagi qonunlarida davlat xizmatiga kirish tartibi batafsil yoritilgan. Umuman olganda, davlat fuqarolik xizmatiga kirish qoidalari tartibi barcha dunyo mamlakatlarida mavjud. Germaniya, Polsha, Rossiya, Fransiya, Yaponiya, Latviya, Bolgariya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston mamlakatlarining davlat xizmati to‘g‘risidagi qonunlarida xizmatchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, davlat xizmatchilari faoliyatini baholash, karerasi o‘sishi, boshqa davlat lavozimiga o‘tishi, mehnatga haq to‘lash, davlat fuqarolik xizmatchilarining ish vaqti va mehnat ta’tillari tartibga solingan.
Xo‘sh, o‘tgan davrda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan nima ishlar amalga oshirildi. O‘tgan qisqa muddat mobaynida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan birgina “vacancy.argos.uz” platformasining ishga tushirilishi, ishga kirmoqchi bo‘lgan nomzodlarning tashkilotma-tashkilot yurishi, hujjatlarini topshirish uchun ortiqcha vaqt sarflashining oldini olishi, shuningdek, vakant lavozimlarning ochiq e’lon qilinishi natijasida hamma fuqarolarga tanlovda qatnashish uchun bir xil imkoniyat yaratib berdi.
Masalan, joriy yilning bugungi kuniga qadar Agentlikning Jizzax filiali tomonidan viloyatidagi 45 ta hududiy davlat organlari va tashkilotlari hamda 13 ta shahar va tuman hokimliklarida mavjud bo‘lgan 6 ming 811 ta vakant lavozim bo‘yicha tanlovlar e’lon qilingan bo‘lib, ularda jami 71 ming 168 nafar nomzod ishtirok etdi.
2020 yilda 44 ta tanlovda jami 464 nafar nomzod ishtirok etgan bo‘lsa, 2021 yildagi 1 ming 383 ta tanlovda jami 12 ming 178, 2022 yildagi 4 ming 613 ta tanlovda 49 mingdan ortiq, 2023 yilning shu bugungi kunga qadar o‘tgan tanlovlarda 7 ming 813 nafar nomzod qatnashgan. Ushbu o‘tkazilgan 177 ta tanlovning 57 tasida tanlov g‘oliblari aniqlangan bo‘lsa, 120 tasiga qayta tanlov e’lon qilingan. Shuningdek, yana 89 ta tanlov turli bosqichlarda davom etmoqda.
Davlat xizmatchilarining kasbiy salohiyatini oshirish nima beradi?
Hozirgi tez o‘zgarayotgan va globallashayotgan davrda, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar har bir davlat xizmatchisi o‘z ustida ishlab, muntazam ravishda yangi bilimlarni egallab borishi kerakligini taqozo etmoqda. Rivojlangan xorijiy davlatlarda davlat xizmatchilarining kasbiy salohiyatini oshirish amaliyoti uzluksiz turda amalga oshiriladi. Sifatli ta’lim qiymat yaratishini, ya’ni ta’limga sarflangan xarajatlar tashkilotning faoliyat natijadorligi va samaradorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini inobatga olgan holda ta’lim jarayonlari tashkil etiladi.
Masalan, Fransiyada Davlat sektori transformatsiyasi va fuqarolik xizmati vazirligi tomonidan davlat xizmatiga olinayotgan (tanlovdan o‘tgan) mutaxassislar bir yil davomida o‘qitiladi. Ularga davlat boshqaruv missiyasi, davlat xizmatining mazmun-mohiyati hamda zamonaviy tendensiyalar va o‘z sohasiga mos ravishda o‘zgaruvchi qismlardan iborat ta’lim jarayoni tashkil etiladi.
Turkiyada davlat xizmatchilarining ta’limga bo‘lgan ehtiyoji o‘rganiladi va har bir davlat xizmatchisi o‘ziga kerakli bo‘lgan ta’lim dasturida malaka oshiradi. Jumladan, “Egitim kapisi” malaka oshirish platformasi ishga tushirilgan bo‘lib, har bir vazirlik va idora ta’lim ehtiyojidan kelib chiqib, videodarslar (videokontentlar) tayyorlaydi, Inson resurslarini rivojlantirish departamenti tomonidan maqullangandan so‘ng platformaga joylanadi. Ya’ni, davlat xizmatchilariga o‘z sohasi uchun zarur bo‘lgan bilimlar beriladi.
O‘zbekiston Respublikasining “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonuniga asos, davlat fuqarolik xizmatchilarini qayta tayyorlash, ularning malakasi oshirilishini va ta’lim olishini muntazam ravishda tashkil etish davlat organlari va tashkilotlarining vakolatiga kiradi.
Davlat fuqarolik xizmatini o‘tash davomida davlat fuqarolik xizmatchilari kasbiy kompetensiyasini muntazam ravishda oshirib borishi shart. Chunki qonundagi eng katta o‘zgarishlardan biri hisoblangan, malaka darajalarini berishda malaka oshirish kurslarini tugatganligi haqidagi sertifikat inobatga olinadi.
Jumladan, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Jizzax viloyati filiali inspektorlari hamda viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari tomonidan Jizzax shahri va tumanlar hokimliklarining 76 nafar mas’ul xodimlari 6 ta yo‘nalish bo‘yicha o‘z sohalaridan kelib chiqib malaka oshirish kurslarini tashkil etdi. Unda O‘zbekiston Respublikasining “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonunining mazmun-mohiyati, davlat fuqarolik xizmatchisining odob-axloq qoidalari, davlat xizmatchilari faoliyatini eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida baholash tizimi, muloqot madaniyati shuningdek sohaga oid qabul qilingan me’yoriy-huquqiy hujjatlar, ularda belgilangan ustuvor vazifalar, yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida qonunning mazmun-mohiyati haqida ham zaruriy tushuncha va ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, Jizzax shahri va tumanlar hokimlari, ularning o‘rinbosarlari Toshkent shahrida tashkil qilingan malaka oshirish kurslarida investitsiyalarni jalb qilish, lalmi huddularda intensiv bog‘dorchilikni rivojlantirish, tog‘-kon sohasiga investitsiyalarni jalb qilish, yoshlarni IT sohasi va dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarishga jalb qilish bo‘yicha ham malaka oshirish kurslarida qatnashdi.
Agentlik tashkil qilinishi natijasida bir necha yillar davomida malaka oshirmagan, o‘z ustida ishlamagan soha mutaxassislari, quyi va o‘rta bo‘g‘in davlat xizmatchilarining 5 ming nafarga yaqini masofadan turib malakasi oshirildi va maxsus sertifikatlarga ega bo‘ldi.
Ta’kidlash lozimki, davlat fuqarolik xizmatchilarini bugungi kun talablari asosida boshqarishda bir qator yangicha yondashuvlar talab qilinadi. Inson resurslarini tayyorlashni rejalashtirish, kasbiy komponentni oshirish, o‘z kasbiga layoqatlilarni aniqlash, salohiyatli kadrlar zaxirasini shakllantirish, rahbarlik lavozimlari oshishida bilimga e’tibor berish, malaka oshirishning huquqiy-me’yoriy asoslarini ishlab chiqish, odob-ahloq me’yorlariga bo‘ysunish, davlat tashkilotlarida sog‘lom ma’naviy-psixologik muhitni shakllantirish shular jumlasidandir.
Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun davlat fuqarolik xizmati tizimida yagona siyosatni yuritish, davlat fuqarolik xizmatchilarini huquqiy va ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash borasidagi munosabatlarni tartibga solgan konseptual huquqiy hujjat sifatida davlat fuqarolik xizmatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Eng asosiysi, qonun davlat fuqarolik xizmati tizimidagi barcha davlat organlari va tashkilotlarida yagona siyosatni yuritish imkonini berdi.
Erkin Xalbutayev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish
agentligi Jizzax viloyati filiali rahbari
O‘zA