Daromadi yuqori bo‘lmagan shaxslarga ipoteka krediti asosida uy-joy sotib olishi uchun boshlang‘ich badal yoki kredit foiz to‘lovlarining bir qismi qoplab beriladi
Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 25 martdagi tegishli qarori bilan ayrim shaxslarga uy-joy sotib olishda (ipoteka kreditlari to‘lovi uchun) subsidiyalar to‘lash tartibi belgilangan edi.
Mazkur hujjatda belgilangan vazifalar xususida Davlat xizmatlarini joriy etish va rivojlantirish boshqarmasi yetakchi maslahatchisi Abror Mahsudov O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi.
– Subsidiyalar daromadi yuqori bo‘lmagan, uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan oilalar, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlar, mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan yoshlar va shu toifadagi boshqa shaxslarga ipoteka kreditlari asosida uy-joy sotib olishi uchun boshlang‘ich badal yoki kredit foiz to‘lovlarining bir qismini qoplab berish maqsadida davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘dir, – deydi Abror Mahsudov.
– Qarorga ko‘ra, 18 yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari (fuqaro mehnat migranti bo‘lganda uning nomidan oila a’zolari ham ariza berishi mumkin) uy-joy sotib olishda boshlang‘ich badal yoki kredit foizining bir qismini qoplash bo‘yicha subsidiyalar olish yuzasidan yilning 1 martidan 1 oktyabriga qadar davlat xizmatlari markazi yoki YAIDXP orqali ariza beradi. Bunda jismoniy shaxs va oila a’zolarining shaxsiy identifikatsiya raqami ma’lumotlari, nikoh va farzandlarning tug‘ilganlik haqidagi hujjatlar (shunga oid boshqa hujjatlar) nusxasi, oilaviy holati to‘g‘risida FHDYO organlari arxividan ma’lumotnoma nusxasi (nikoh qayd etilmagan hollarda) kabi hujjatlar talab etiladi. Shuningdek, turar joyining kadastr raqami va turiga tegishli ma’lumotlar, uy daftari yoki kvartira kartochkasi (17-shakl bo‘yicha) nusxalari, ariza beruvchi va birgalikda qarz oluvchilarning daromadi hamda ushlab qolingan daromad soliqlari haqida ma’lumotnoma taqdim etiladi.
Agar subsidiya olish uchun murojaat qilgan ariza beruvchining daromadlariga uning xotini (eri), ular bilan bir uyda birgalikda yashovchi ota-onasi hamda farzandlarining (shu jumladan, asrab olingan farzandlari) daromadlari qo‘shilgandan so‘ng o‘rtacha oylik daromadlari miqdori ushbu qaror bilan tasdiqlangan nizomning 2-bandida ko‘rsatilgan me’yorlardan kam bo‘lsa, boshqa jismoniy shaxslar daromadlari ham kiritilishi mumkin.
Subsidiyalar to‘lash bo‘yicha mas’ul organlar (ichki ishlar bo‘limi, moliya bo‘limi, davlat soliq inspeksiyasi, bandlikka ko‘maklashish markazi, kadastr korxonasi, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi, Yoshlar ittifoqi tuman kengashi, tuman (shahar) hokimliklari, ishtirok etuvchi tijorat banklari) 10 ish kunida ariza beruvchilarga mezonlar bo‘yicha ball beradi. Subsidiyalar to‘lash bo‘yicha komissiya baholash natijalarini 7 ish kuni ichida ko‘rib chiqib, ariza beruvchiga subsidiya ajratish yoki uni rad qilish haqida qaror qabul qiladi hamda uni davlat xizmatlari markaziga yoki YAIDXP orqali ariza beruvchiga yuboradi. Ariza beruvchi subsidiya olish haqida xabarnoma olgan taqdirda 1 oy muddatda uy-joy sotib olish bo‘yicha xususiy (pudrat) tashkiloti bilan shartnoma tuzadi hamda tegishli tijorat bankiga murojaat qiladi.
Tijorat banki 3 ish kunida ariza beruvchiga ipoteka ajratish masalasini ko‘rib chiqadi.
Kredit shartnomasi tuzilganda tijorat banki subsidiyani to‘lab berish bo‘yicha tuman (shahar) g‘aznachilik bo‘limiga buyurtmanoma yuboradi va g‘aznachilik bo‘limi 3 ish kuni davomida belgilangan subsidiyani to‘lab beradi. Oylik foiz to‘lovi uchun subsidiya ajratilganda g‘aznachilik bo‘limi har oyning 25 sanasiga qadar oylik foizlar bo‘yicha subsidiya to‘lovini o‘tkazib boradi.
Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasi pasaytirilganda ipoteka kreditlari bo‘yicha foiz stavkalari mutanosib ravishda pasayadi, ko‘tarilganda esa o‘zgarishsiz qoladi.
Qarorga muvofiq, qishloq joylarda birinchi besh yil davomida ipoteka krediti bo‘yicha foiz to‘lovlari bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun 10 foizlik punktdan oshgan qismiga, shaharlarda dastlabki badalning bir qismini to‘lash bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun uy-joy hisoblangan qiymatining 10 foizi miqdorida va birinchi besh yil davomida kredit bo‘yicha foizlarni qoplash uchun Toshkent shahrida 12 foizlik punktdan oshgan qismiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar shaharlarida 10 foizlik punktdan oshgan qismiga to‘lanadi.
Tegishli vazirlik hamda hokimliklar hududlarda quriladigan uy-joylar sonidan kelib chiqib, yil davomida ajratiladigan subsidiyalar miqdori haqida ommaviy axborot vositalarida ma’lumot beradi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, agar talabgor ipoteka shartnomasi bo‘yicha shartnoma majburiyatlarini (to‘lovlarni) surunkali ravishda bajarmasligi oqibatida ipoteka shartnomasi bekor qilinsa, shartnoma bo‘yicha undiriladigan mablag‘lar, shu jumladan, ajratilgan subsidiyalar garovdagi uy-joy sotilishidan to‘liq ravishda qaytariladi. Shu bilan birga, uy-joy sotib olishda subsidiya ajratish bilan arzon uy-joy olishni chalkashtirmaslik kerak. Amalda mavjud arzon uy-joy uchun navbatlaringiz DXMlar orqali o‘zgartirilmaydi, Markazni bu masalaga aloqasi yo‘q. Mazkur masalada mahalliy hokimliklarga murojaat qilish lozim.
Faqat siz subsidiya olish uchun davlat xizmatlari markazi yoki YAIDXP orqali murojaat qilasiz va natijasini olishingiz mumkin, qolgan masalalar, ya’ni kimga, qaysi hamda qancha miqdorda subsidiyalar ajratish Komissiya tomonidan hal qilinadi. Buni hal qilishga davlat xizmatlari markazi aralashmaydi.
Qarorda subsidiyalar ajratishda ariza beruvchilarni tanlab olishda mezonlar ishlab chiqilgan bo‘lib, shaxslar mana shu mezonlar asosida baholanadi. Baholashning umumiy miqdori 50 ball. Shu bilan birga, fuqarolarimizda subsidiyalar olishda aynan kamida qanchadir miqdorda ball yig‘sam, subsidiya olishim kafolatlanadi, degan tasavvur paydo bo‘lmasligi kerak, komissiya ajratilgan subsidiya oluvchilar miqdoridan kelib chiqib, ariza beruvchilarni tanlab olishda eng ko‘p ball yig‘gan talabgordan pastga qarab tanlaydi. Agar ariza beruvchilarning ko‘rsatkichlari teng kelib qolsa, ariza topshirish vaqti hal qiluvchi omil bo‘ladi, ya’ni qaysi talabgor oldinroq ariza bergan bo‘lsa, o‘sha shaxs ustuvorlikka ega bo‘ladi.
O‘zA muxbiri
Shahnoza MAMATUROPOVA
yozib oldi.