Daraxtlarni kesmang, jarimasi “chaqadi”
Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumanida ikki tup tut daraxtini noqonuniy kesib tashlagan fermerga tegishli chora ko‘rildi.
O‘zboshimchalik hamisha insonga tashvish olib kelgan. Ko‘p hollarda ortiqcha xarajatga tushirgan. Mamlakatimizda ekologik barqarorlikni ta’minlashga, ona tabiatni asrab-avaylashga alohida e’tibor qaratilayotgan hozirgi paytda ayrim shaxslar o‘zboshimchalik bilan tevarak-atrofga jiddiy zarar yetkazayotgani va qilmishi fosh etilgach, qo‘llanilgan jazodan pushaymon chekayotgani achinarlidir.

Viloyat ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasidan xabar qilishlaricha, ekopolitsiya xodimlari Qumqo‘rg‘on tumanidagi Xalqobod mahallasi hududida o‘tkazgan tezkor reyd tadbiri chog‘ida tevarak-atrofdagi chang va zararli gazlarni yutib, havoni tozalab turgan ikki tup tut daraxtini o‘zboshimchalik bilan kesib tashlangan holatni aniqladi. Vohada yoshu-keksa ko‘chat ekib, yashil hududlarni kengaytirishga hissa qo‘shayotgan bir paytda fermer bu harakati bilan yaxshigina jarima to‘laydigan bo‘ldi.


Holat yuzasidan tabiat qo‘riqchilari fermer xo‘jaligi rahbariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi 1-qismi bilan tegishli hujjat rasmiylashtirdi. Endilikda fermer tabiatga yetkazilgan zarar uchun 17 million 510 ming so‘m va ikki tup tut daraxtini g‘ayriqonuniy kesgani uchun 10 million 300 ming so‘m jarima to‘laydigan bo‘ldi.
Nilufar Bozorova, O‘zA